O‘zbekiston – Belarus: hududlararo 14 ta hujjat imzolandi, 7 ta loyihaga start berildi
Bu haqda Hukumat komissiyasi axborot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Minsk shahrida “Hududlarning o‘zaro kooperatsiyasi – iqtisodiy hamkorlik drayveri sifatida” mavzusida O‘zbekiston va Belarus hududlarining III forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Shuleyko, shuningdek, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari hamda mahalliy hokimiyat vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Toshkent, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari, shuningdek, boshqa hududlar rahbarlari o‘rinbosarlari qatnashdi.
Anjumanda hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Agar bir necha yil avval o‘zaro savdo hajmi 100 million dollarga ham yetmagan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 965 million dollarga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokida 250 ta, Belarusda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokida 110 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunga qadar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida 125 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan. Shuningdek, 2001-yildan buyon Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyat yuritadi. Ayni paytda mazkur komissiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko hamraislik qilmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni 2026-2030-yillarda rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasi imzolandi. Hujjatda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, elektrotexnika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va mebel sanoati kabi ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Ta’kidlanishicha, mazkur reja ikki mamlakat vazirliklari, hududlari va ishbilarmon doiralari uchun amaliy dastur bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda kabel mahsulotlari, traktorlar, dori-darmonlar ishlab chiqarish, parranda go‘shtini qayta ishlash va karer texnikasini yig‘ish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Forum yakunlari bo‘yicha sarmoyaviy va savdo kelishuvlari portfeli shakllantirildi. Shuningdek, ikki mamlakatning alohida hududlari o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 14 ta hududlararo hujjat imzolandi. Bosh vazirlar o‘rinbosarlari darajasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hududiy tashriflar jadvali ham tasdiqlandi.
Hududlar forumi doirasida umumiy qiymati 164 million dollarlik 7 ta qo‘shma loyihaga start berildi. Jumladan, Andijon viloyatida trikotaj matosini bo‘yash va quritish bo‘yicha ishlab chiqarish majmuasi, Toshkent viloyatida parrandachilik klasteri birinchi bosqichi, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va shok usulida muzlatish majmuasi, shuningdek, Farg‘ona viloyatida mevalarni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi.
Forum doirasida sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi, yog‘ochni qayta ishlash va mebel sanoati, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikka bag‘ishlangan sohaviy sessiyalar ham tashkil etildi. Minskda bo‘lib o‘tgan Hududlar forumi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya va sanoat loyihalarini izchil rivojlantirish hamda uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA