O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlatdan biri
Osiyo xotin-qizlari forumida O‘zbekistonda keyingi o‘n yil ichida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani qayd etildi.
Ushbu mustahkam huquqiy baza asosida ayollarning siyosiy jarayonlar va qaror qabul qilish tizimidagi ishtiroki sezilarli darajada mustahkamlandi.
– O‘zbekiston parlamentda ayollar ulushi bo‘yicha dunyoda 35-o‘rinni egalladi, - dedi Tanzila Norboyeva. – Davlat boshqaruvi va ijro hokimiyati organlarida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Biz ayollarning siyosiy jarayonlardagi faoliyatini shunchaki raqamlar uchun emas, balki jamiyatda muvozanatli va adolatli qarorlar qabul qilinishini ta’minlash uchun kengaytirmoqdamiz.
Xotin-qizlarning ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi imkoniyatlari kengaymoqda. Taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan ta’lim tizimida ayollar uchun misli ko‘rilmagan imtiyozlar berilmoqda. Bugungi kunda oliy ta’limda qizlar ulushi 53 foizni, magistraturada esa 65 foizni tashkil etmoqda.

Olimlar orasida xotin-qizlar ulushi 60 foizga yetdi. Bu raqamlar ortida minglab xotin-qizlarning ro‘yobga chiqqan orzulari, jamiyatning nurli kelajagi mujassam.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlik va bandlik sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.
Keyingi o‘n yilda ayol tadbirkorlar soni 3,7 barobarga oshib, 274 ming nafardan ortdi. Iqtisodiy faol aholining qariyb 50 foizini ayollar tashkil etmoqda.
“Biz xotin-qizlarni faqat ijtimoiy himoya ob’ekti sifatida emas, balki yangi iqtisodiyot, innovatsiyalar va sun’iy intellekt davrining to‘laqonli ishtirokchisi sifatida ko‘rmoqdamiz. Jahon banki bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, O‘zA