O‘zbekiston - Afg‘oniston: Farmatsevtikada 500 million dollarlik hamkorlik
O‘zbekiston – Afg‘oniston iqtisodiy hamkorligida yangi davr boshlandi. Xususan, farmatsevtika sohasida erishilgan muhim kelishuvlar mintaqaviy savdo va aholi salomatligi uchun keng imkoniyat ochmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Kobulga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida muhim kelishuvlarga erishildi. Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan kechgan muzokarada asosiy e’tibor yurtimizda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarini ushbu qo‘shni davlat bozoriga yetkazib berishga qaratildi. Mahsulotlarimiz sifati va narxi Afg‘oniston uchun jozibador ekani e’tirof etildi.
Tomonlar yaqin istiqbolda savdo aylanmasini 500 million dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun maxsus ishchi guruhlar tuziladi, dori-darmonni xalqaro standart asosida jo‘natish va saqlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi, yirik distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuziladi, texnik guruhlar esa doimiy axborot almashinuvini ta’minlaydi.
Yaqin kunlarda mazkur kelishuvlarni huquqiy jihatdan mustahkamlovchi rasmiy hujjatlar imzolanishi kutilyapti. Mamlakatimiz eksport salohiyatini oshiradigan mazkur tashabbus qardosh yurt aholisini sifatli, hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlashga ham xizmat qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA