“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi:xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi takomillashtiriladi
Qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali tizimga aylantirish mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi sanaladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Hujjatdagi “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo‘nalishi 14 ta maqsad va 41 ta banddan iborat. Avvalo, unda mahallani kundalik muammolarni hal qilishda jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Shu maqsadda har bir mahallaning 3D raqamli modelini ishlab chiqish, kommunal tarmoqlar, yo‘llar va qurilish ob’ektlarini simulyatsiya va prognoz qilish, resurslarni manzilli taqsimlash imkoniyatini yaratish belgilangan. Bu yondashuv mahallada muammolarni faqat qayd etish emas, balki ularni oldindan aniqlash va profilaktik hal qilish mexanizmini shakllantiradi.

Yana bir muhim vazifa – davlat boshqaruvini “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida qayta tashkil etishga alohida yondashilgan.
Davlat dasturida davlat nazorat funksiyalarini xatlovdan o‘tkazish, ularni fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan qayta tahlil qilish hamda ortiqcha yoki takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish nazarda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, davlat boshqaruvida funksional aniqlikni ta’minlash, ortiqcha ma’muriy yukni kamaytirish va nazoratning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Dasturda, shuningdek, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va “Servis davlat” modelini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar va servislar sonini 880 taga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Ayrim davlat xizmatlarini “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan” tamoyili asosida soddalashtirish, ariza berishdagi ortiqcha formal talablarni bekor qilish, zarur ma’lumotlarni idoralararo elektron bazalardan avtomatik olish tizimini joriy qilish belgilangan.
Bu yo‘nalishda amaliy natijalar kuzatilmoqda. Xususan, 2025-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 100 ta yangi elektron xizmat joriy etilib, xizmatlar soni 800 taga yetkazilgan. Portaldan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 13 milliondan oshgan. Yagona portalning mobil ilovasida 75 ta yangi elektron xizmat joriy etilib, ularning umumiy soni 600 ta, mobil ilovadan foydalanuvchilar soni esa 9,5 milliondan ziyod bo‘lgan.
Bu raqamlar 2026-yilga belgilangan 880 ta xizmat ko‘rsatkichi bejiz tanlanmaganini, u mavjud imkoniyatlar va aholining yuqori talabidan kelib chiqqanini ko‘rsatadi.
Davlat fuqarolik xizmatini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va boshqaruvda professionallikni kuchaytirish masalalari ham Davlat dasturida nazarda tutilgan. Bu yo‘nalishda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish kabi chora-tadbirlar belgilangan. Mazkur yondashuv davlat organlarida mas’uliyatli, bilimli va natijaga ishlaydigan kadrlar korpusini shakllantirish uchun muhim asos bo‘ladi.
Shuningdek, davlat dasturida milliy arxiv merosini asrash va axborot resurslarini raqamlashtirishga qaratilgan muhim vazifalardan biri sifatida sun’iy intellektga asoslangan “O‘zbekiston Milliy fotobanki”ni yaratish ham belgilangan. Mazkur tashabbus doirasida arxiv fotosuratlarini bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tkazish, ularni yagona elektron bazaga jamlash, izlash va saralash imkoniyatlarini sun’iy idrok texnologiyalari asosida takomillashtirish nazarda tutilgan.
Bu esa tarixiy fotohujjatlarni saqlash, ulardan tezkor va samarali foydalanish, davlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarini sifatli vizual materiallar bilan ta’minlash, shuningdek, mamlakatning boy tarixiy merosini kelgusi avlodlarga zamonaviy shaklda yetkazishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, davlat dasturida advokatura instituti faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va huquqiy himoya mexanizmlarini zamonaviylashtirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan. Xususan, advokatlarga himoya ostidagi shaxslar bilan qamoqda saqlash joylari, tergov hibsxonalari, axloq tuzatish muassasalari, jazoni ijro etish muassasalari hamda boshqa maxsus muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazish uchun elektron navbat olish imkoniyatini yaratish belgilangan.
Ushbu yangilik advokatlar faoliyati uchun yanada qulay va shaffof tashkiliy mexanizmni joriy etish, uchrashuvlarni tashkil etishdagi ortiqcha vaqt sarfi va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, shuningdek, himoya huquqining amaliy ta’minlanishini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida qabul qilingan Davlat dasturi mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi tizimga aylantirish hamda raqamli islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan kompleks hujjat hisoblanadi.
Eng muhimi, mazkur dasturda belgilangan chora-tadbirlar nafaqat davlat idoralari faoliyati samaradorligini oshirish, balki fuqarolar uchun qulay, ochiq va adolatli boshqaruv muhitini yaratishga xizmat qiladi. Bu esa “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zlangan inson qadrini ulug‘lash, zamonaviy davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadlarining amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Inobat HAKIMOVA
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA