"O‘zbek karvoni" antologiyasi Kanadada
Avval xabar berganimizdek, mazkur kitob kuni kecha Amerika Qo‘shma Shtatlarida nashr qilingan edi. Endilikda Kanadadagi "Altaspera" Nashriyot uyi "O‘zbek karvoni/Uzbekskiy karavan/Uzbek caravan" o‘zbek she’riyati antologiyasini o‘zbek, rus va ingliz tillarida qaytadan chop etdi.
Qariyb 600 betdan iborat ushbu risola to‘la-to‘kis rangli bo‘lib, unda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakillarining ijod namunalari o‘rin olgan.
Kitobda, ayniqsa, muhabbat kuychisi, qalandar va shoh Boborahim Mashrab g‘azallariga katta o‘rin berilgan. Nashrni bezashda o‘zbek milliy ramzlaridan keng ko‘lamda foydalanilgan. Antologiyadan joy olgan she’rlarni o‘zbek tilidan rus va ingliz tillariga qirg‘izistonlik shoir va tarjimon Rahim Karim o‘girgan.
Torontoda chop etilgan ushbu kitob chet ellik adabiyot, ayniqsa she’riyat muxlislariga o‘zbek adabiyoti namunalaridan yaqindan bahramand bo‘lish uchun yana bir bor qulay imkoniyat yaratdi. – Mazkur "O‘zbek adabiyoti karvoni" xamir uchidan patir, – dedi loyiha muallifi Rahim Karimov. – U o‘tgan zamonlardan tortib bizning davrgacha kelayotgan ulkan va boy o‘zbek adabiy karvonining yuzdan bir foizinigina qamrab olgan, xolos.
Ulkan ko‘lamdagi adabiy merosimizni birgina risolaga sig‘dirib bo‘lmaydi, albatta. Biz – nashr ijodkorlari oldida hali ne-ne allomalarimizni jahon adabiyoti shinavandalari e’tiboriga taqdim etishdek nihoyatda katta va mas’uliyatli vazifa turganligini aytib o‘tish joiz. Ayni damda loyihaning ikkinchi bosqichi ustida sa’y-harakatlar boshlanib, u Nodira, Uvaysiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Muqimiy, Furqat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Usmon Nosir, Mirtemir, Hamid Olimjon, E’tibor Oxunova, Gulchehra Nurullayeva kabi ijodkorlarimiz bilan bir qatorda Oydin Hojiyeva, Qutlibeka Rahimboyeva, Mirzo Kenjabek, Eshqobil Shukur, Abduvali Qutbiddin, Bahrom Ro‘zimuhammad, Halima Ahmedova, Farog‘at Kamolova, Oygul Suyundiqova, Guljamol Asqarova kabi taniqli ijodkorlarimizning asarlari bilan davom etadi, degan umiddamiz.
Nazokat Usmonova, O‘zA