“O‘zatom” va “Rosatom” kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
“O‘zatom” agentligida mamlakatimiz atom sanoati ehtiyojlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Tatyana Terenteva so‘zga chiqib, ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Milliy kadrlarni tayyorlash O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilish ishtirokchilari kadrlar tayyorlash bo‘yicha mamlakat rejasi loyihasi, qo‘shma ta’lim dasturlari, jumladan, Jizzax viloyati Forish tumani texnikumi bazasida modulli va dual ta’limni ishlab chiqish hamda uni bosqichma-bosqich joriy etish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, rossiyalik o‘qituvchilar ishtirokida MMFI MTYAU Toshkent filialida ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, amaliy stajirovkalarni tashkil etish, “Train the trainers” kursi doirasida filial o‘qituvchilarining malakasini oshirish dasturiga ham alohida e’tibor qaratildi.
2026-yil mart oyida imzolangan, asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida kadrlar tayyorlash belgilangan atom va turdosh sohalarda hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi.

Mutaxassislar qayd etganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish nafaqat muhandislik yechimlari, zamonaviy me’yoriy-huquqiy baza va samarali xalqaro hamkorlikni, balki barqaror, ko‘p bosqichli hamda uzoq muddatli istiqbolga yo‘naltirilgan milliy mutaxassislar tayyorlash tizimini shakllantirishni talab etadi. Zero, malakali kadrlar har qanday yadro loyihasini xavfsiz, ishonchli va samarali amalga oshirishning asosiy omili hisoblanadi.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur hamkorlik O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini uzoq muddatli rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi. Xususan, atom tarmog‘ini malakali kadrlar bilan ta’minlashning milliy tizimini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan qo‘shma ishlar loyihani yuqori salohiyatli mutaxassislar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Yig‘ilish doirasida erishilgan kelishuvlar yurtimizda AES loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA