“O‘zarxiv”: Joriy yil birinchi choragida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi
Poytaxtimizda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2026-yil birinchi choragida ijro intizomini ta’minlash hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari asosida agentlikda ijro intizomini mustahkamlash, qonunlar va davlat rahbari hamda Hukumat hujjatlarining ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, agentlikda Ijro nazorati va ish yuritish bo‘limi tashkil etildi. Ijro intizomiga mas’ul xodimlarning malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ijro holati yuzasidan kunlik tizimli monitoring olib borilmoqda. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilmoqda.
Shuningdek, har haftada kamida ikki marotaba topshiriqlar ijrosi va murojaatlar bilan ishlash holati rahbariyat ishtirokida muhokama qilib kelinmoqda. 2026-yil birinchi chorak holatiga agentlikka qonunlar hamda Prezidentimiz hujjatlari bilan bog‘liq jami 35 ta topshiriq kelib tushgan. Ularning 22 tasida agentlik asosiy ijrochi, 13 tasida esa qo‘shimcha ijrochi sifatida belgilangan.
Mazkur topshiriqlarning barchasi belgilangan muddatlarda sifatli ijro etildi va tegishli asoslovchi hujjatlar bilan idoralararo yagona elektron tizimga kiritilib, nazorat qiluvchi organlar tomonidan kelishildi.
Ijro intizomini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida tegishli ma’lumotlar muntazam ravishda “O‘zarxiv” agentligining rasmiy veb-saytiga joylashtirib borilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash masalasida joriy yil birinchi chorak holatiga agentlikka jami 206 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 28 tasi nazoratdagi topshiriqlar hisoblanadi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda va hozirgi kunga qadar muddati o‘tgan murojaatlar mavjud emas.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan 163 ta murojaatdan 139 tasi ijro etilgan, 24 tasi ijro jarayonida, muddati o‘tgan murojaatlar mavjud emas.
“O‘zarxiv” agentligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma kelib tushgan 3 ta murojaatdan 2 ta ijrosi bajarilgan, 1 tasi bajarish jarayonida.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan kelib tushgan 19 ta murojaatdan 17 ta ijrosi bajarilgan, 2 ta bajarish jarayonida.
“O‘zarxiv” agentligi rahbariyati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi shahar hamda tumanlarda jismoniy va yuridik shaxslar sayyor qabuli jadvaliga asosan 2 ta sayyor va shaxsiy qabullar o‘tkazilib, ularda 14 nafar fuqaro murojaatlari ko‘rib chiqilgan.
“O‘zarxiv” agentligi rahbariyati tomonidan aprel oyida Navoiy va Xorazm viloyatlarida sayyor qabul o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zarxiv” agentligida ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash borasida tizimli, ochiq va samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA