Ozarbayjon va O‘zbekiston do‘stligi mustahkamlanmoqda
Ozarbayjonning yetakchi davlat axborot agentligi AzerTAJ vatanimizda mehmon bo‘lib turgan Prezident Ilhom Aliyev va mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan hamkorlikka doir hujjatlarni imzolash marosimi haqida yozdi.
Muallif xususan “Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma”, “Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy darajadagi davlatlararo kengashining uchinchi yig‘ilishi to‘g‘risidagi qaror” tasdiqlanganiga alohida e’tibor qaratgan.
Ozarbayjon Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi o‘rtasida kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimni qardosh elning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rashod Mamedov va Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov almashdilar. Madaniyat vazirlari Odil Karimli va Ozodbek Nazarbekov ham xuddi shunday hujjatni almashdi.
2030-yilgacha tovar ayirboshlash qiymatini 1 milliard dollarga yetkazish dasturi hamda Investitsiya va savdo sohasida loyihalar amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov tomonidan almashildi.
Hukumatlar o‘rtasida pensiya ta’minoti tizimi hamkorligi to‘g‘risidagi bitim, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiya davlat agentligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi ham ma’qullandi.
Tashqi ishlar vazirlari Jeyhun Bayramov va Baxtiyor Saidov Urganch bilan Xonkendi va Naxchivon, shuningdek Lochin va Buxoro shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalarni almashdi.
Mazkur hujjatlarning barchasi ikki mamlakat abadiy do‘stligi rishtasini yanada mustahkamlashiga shubha yo‘q.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA