O‘tmish va bugunni bog‘lovchi madaniyat bayrami
Samarqand tumani Ohalik mahallasida, so‘lim tog‘ yon bag‘rida ilk bor o‘tkazilgan etno-festivalni tashkilotchilar shunday nomladi.
Keyingi yillarda Samarqand viloyatida turizmni yanada rivojlantirish, xorijlik sayyohlarning yurtimizga qiziqishini oshirish maqsadida turli xil festivallar, tanlov va musobaqalar o‘tkazilmoqda. Hunarmandlik mahsulotlari, milliy taomlar, kashta va boshqa liboslar ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda. Samarqand viloyati turizm boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2025-yilda 40 dan ortiq shu kabi tadbirlar o‘tkazildi.

– Samarqandga keladigan sayyohlarga shu paytgacha faqat tarixiy obidalarimiz, muqaddas ziyoratgohlarni ko‘rsatish bilan cheklangan bo‘lsak, bugun har bir hududning o‘z turistik yo‘nalishi, borib ko‘rish, zavqlanish mumkin bo‘lgan joylari bor, – deydi Samarqand tumani hokimi Sirojiddin Usmonov.
– Jumladan, bizning tumanimizda ham tog‘li joylar, go‘zal tabiat manzaralari ko‘p bo‘lgan hududlar, katta-katta bog‘lar bor. Yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i hisoblanadigan Konigil ham bizning tumanda joylashgan. Yaqinda Yangijoy mahallasiga ham turizm mahallasi maqomi berildi. Tog‘ yon bag‘rida joylashgan Ohalik, Oqbo‘yra va Mironqul qishloqlarida turistik rekreatsion zonasi tashkil etilib, sayyohlik uchun zarur infratuzilma yaratildi. Bu yil birinchi marta tashkil etilgan etno-festival ham bu yo‘nalishdagi ishlarimizning yana bir namunasi. Kelgusida bu tadbirni xalqaro darajaga olib chiqishni rejalashtirganmiz.

Festivalda ot sporti o‘yinlari, kamondan otish, milliy kurash musobaqalari tashkil etildi. “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Chillak”, “Qarap tep”, arqon tortish, kuch sinashish kabi milliy xalq o‘yinlari o‘tkazildi.
Darbozlar o‘yinlari, etnografik ansambllarning lapar va termalari, ulkan havo sharlarida ko‘kka ko‘tarilish ham tadbir ishtirokchilari uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, xorijlik sayyohlar festivalni hayrat bilan kuzatish barobarida xalqimiz tarixi va madaniyati, milliy xalq o‘yinlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

– Samarqandga sayohatimizda ko‘zda tutilmagan bo‘lsa ham bu festivalga kelganimizdan xursandmiz, – deydi avstriyalik sayyoh Mishel Jon. – Xalqingizning hayoti, tarixi va madaniyatini ko‘rsatib beradigan sport o‘yinlari, madaniy dasturlar o‘ziga xos ekan. Bu o‘yinlarning yoshlar tomonidan bugun ham davom ettirilayotgani, ayniqsa, e’tiborli.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA