Osmon sari yo‘l: Sinxay – Tibet temir yo‘lining 20 yillik tajribasi
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari uchrashuvlarida transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Ayni jarayonda XXR yirik infratuzilma loyihalari nafaqat mamlakatning ichki taraqqiyoti, balki butun mintaqa iqtisodiy integratsiyasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday strategik ahamiyatga ega loyihalardan biri Sinxay – Tibet temir yo‘lidir. Joriy yil 1-iyul kuni mazkur magistral to‘liq foydalanishga topshirilganining 20 yilligi nishonlandi. Bugun ushbu temir yo‘l muhandislik yutug‘i sifatidagina emas, balki Tibetning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini belgilab bergan muhim omil sifatida baholanmoqda.
Mazkur yo‘l qurilishidan avval Tibetning tog‘li relefi, keskin iqlimi va uzoq masofa mintaqa rivoji yo‘lidagi asosiy to‘siq edi. Yuk va yo‘lovchi asosan avtomobil transporti orqali tashilar, bu esa ko‘p vaqt, mablag‘ talab qilardi.
Sinxay – Tibet temir yo‘lini barpo etib, Chin muhandislari jahon miqyosida qator murakkab vazifalarni hal qildi. Xususan, abadiy muzlik ustida qurilish ishlari olib borildi, dengiz sathidan juda baland hududda temir yo‘l infratuzilmasi bunyod etildi. Shu bilan birga Tibet tekisligining noyob ekologik muhiti saqlab qolindi.
2006-yil 1-iyul kuni mamlakat g‘arbini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturining muhim bo‘g‘ini sifatida ushbu temir yo‘l to‘liq ishga tushirildi. Natijada Tibet yagona ichki bozorga yanada chuqur integratsiyalashdi. Tovarlar va aholi harakati erkinlashdi, transport xarajati sezilarli darajada qisqardi, sanoat va investitsiya faolligi oshdi.
So‘nggi yigirma yil davomida temir yo‘l bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Yangi bekatlar qurildi, qo‘shimcha quvvat yaratildi, yuk tashish imkoniyati kengaytirildi. 2026-yil aprel holatiga ko‘ra, Tibet bilan mamlakatning boshqa hududlari o‘rtasida temir yo‘l orqali tashilgan yuk 100 million tonnadan oshdi. Poyezdning yuk ko‘tarish quvvati esa 4 000 tonnaga yetkazildi.

Iqtisodiy samara, avvalo, yangi tarmoqlar shakllanishida namoyon bo‘ldi. Ilgari transport salohiyati cheklangani sabab foydalanilmagan tabiiy resurslarni samarali ishlatish imkoni paydo bo‘ldi. Yirik energetika uskunalari yetkazib berilishi osonlashib, quyosh va chuv energetikasi loyihalari jadal rivojlana boshladi.
Turizm sohasi ham iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylandi. 2005-yil Tibetga 1,8 million sayyoh borgan. 2025-yilga kelib bu raqam 70 millionga chiqdi. Mintaqala xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengayib, yangi ish o‘rinlari yaratildi, mahalliy aholi daromadi ortdi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar bu o‘zgarishlarni yaqqol tasdiqlaydi. 2005-yil Tibet yalpi hududiy mahsuloti 25,1 milliard yuan edi, 2025-yil yakunida esa 300 milliard yuandan oshib ketdi.
Eng muhimi, yutuqlar oddiy insonlar hayotida aks etdi. Dehqon va chorvadorlarning jon boshiga to‘g‘ri keladigan 20 yil avvalgi 2 000 yuan daromadi hozir 23 000 yuandan ziyod.
Temir yo‘l aholi uchun tibbiy xizmat, ta’lim va boshqa ijtimoiy imkoniyat yetib borishni ham ancha yengillashtirdi. So‘nggi yigirma yil davomida mazkur magistral orqali 41 milliondan ko‘p yo‘lovchi tashildi. Endilikda mahalliy yoshlar mamlakatning turli hududlarida tahsil olish imkoniga ega. Mutaxassislar almashinuvi faollashdi, zamonaviy texnologiya va boshqaruv tajribasi hududga keng miqyosda kirib keldi.
Bugun Sinxay – Tibet temir yo‘li nafaqat mahsulotni hududga olib kirish, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni mamlakat bozoriga olib chiqish vazifasini ham bajarmoqda. Tibetda ishlab chiqarilgan yak go‘shti, baland tog‘ arpasidan tayyorlangan va boshqa ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari butun mamlakat bo‘ylab temir yo‘l orqali yetkazib berilmoqda.
Mutaxassaslar fikricha, Sinxay – Tibet temir yo‘lining yigirma yillik faoliyati zamonaviy transport infratuzilmasi mamlakatning eng chekka hududlari taraqqiyotiga qanday kuchli turtki berishi mumkinligini amalda namoyon etdi. Infratuzilmaga kiritilgan sarmoya iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligi va hududlar o‘rtasidagi taraqqiyot tafovutini qisqartirishning muhim omiliga aylandi.

Bugun O‘zbekistonda ham transport-kommunikatsiya tarmog‘ini modernizatsiya qilish, xalqaro logistika yo‘laklarini rivojlantirish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Xitoy bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, xususan “Bir makon, bir yo‘l” doirasidagi hamkorlik va transchegaraviy infratuzilma tashabbuslari ikki mamlakat strategik sherikligini yanada mustahkamlamoqda.
Sinxay – Tibet temir yo‘lining yigirma yillik tarixi ko‘rsatdiki, zamonaviy infratuzilma loyihalari faqat transport tizimini emas, balki butun hudud iqtisodiyoti, aholi turmush darajasi va uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ham belgilab beradi.
Nilufar Bozorova, O‘zA