Osiyo seysmologik komissiyasining (ASC) 16-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi
Dunyo bo‘ylab zilzilalar va ularning oqibatlarini kamaytirish masalasi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo hududi seysmik faol zonada joylashgani sababli ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yechimlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, Osiyo seysmologik komissiyasi tomonidan tashkil etilayotgan 16-Bosh Assambleyaning aynan Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekistonning ilmiy salohiyati va mintaqaviy yetakchiligini yaqqol namoyon etdi.
Mazkur yirik ilmiy tadbirni tashkil etishda Seysmologiya instituti muhim rol o‘ynamoqda. Institut tomonidan ilmiy dastur shakllantirilib, tematik sessiyalar ishlab chiqildi. Bu esa anjumanning yuqori ilmiy saviyada o‘tishini ta’minladi.
Assambleyada dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ziyod olim va mutaxassislar ishtirok etdi. Bu esa tadbirning keng qamrovli xalqaro ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Ilmiy dastur doirasida 300 dan ortiq ma’ruza tinglandi hamda 22 ta tematik sessiya tashkil etiladi.
Ushbu sessiyalar seysmik xavflarni baholash, muhandislik seysmologiyasi va infratuzilma barqarorligi, geodinamika va tektonika, mashinaviy o‘qitish va katta ma’lumotlar tahlili, zilzilalardan erta ogohlantirish tizimlari, seysmik monitoring va prognozlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
[gallery-29005]
Hozirda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni seysmologiyaga tatbiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa zilzilalarni oldindan aniqlash, xavflarni prognoz qilish va ularning oqibatlarini kamaytirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Toshkent shahrining ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilishi O‘zbekistonning seysmologiya sohasidagi salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Mamlakat hududida zilzilalar xavfi mavjudligi ilmiy izlanishlarga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirgan. Shu bois, xalqaro darajadagi bunday anjumanlar nafaqat ilmiy bilimlarni boyitadi, balki amaliy yechimlar ishlab chiqish uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt va raqamli monitoring tizimlarining qo‘llanilishi zamonaviy seysmologiyaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Bu esa an’anaviy yondashuvlardan farqli ravishda tezkor va aniq prognozlash imkonini beradi.
Dildora Do‘smatova,
Asliddin Alijonov (surat)
O‘zA