Osiyo o‘yinlari yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligida yaqinda Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan XX Osiyo o‘yinlari yakuni va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sport vaziri o‘rinbosari Azamat Qalboyev ishtirokchilarga to‘liq ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza, jami 70 ta medalga sazovor bo‘lib, 45 mamlakat orasida faxrli beshinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz sport delegatsiyasining ushbu yutug‘iga qoraqalpog‘istonlik sportchilar ham munosib hissasini qo‘shdi.

Jumladan, mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 22 nafar sportchi 11 ta sport turidan ishtirok etdi. Quvonarlisi shundaki, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan sportchilardan Akademik eshkak eshish turidan qizlar o‘rtasida bo‘lgan bellashuvlarda Aydana Smetullayeva 2 kishilik va 4 kishilik eshkak eshish bellashuvlarida ikkinchi o‘rinni egallab, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qilichbozlikning sablya turidan yakka bellashuvda Zaynab Dayibekova ikkinchi o‘rinni egalladi. Jamoaviy bahslarda sablyachi qizlar Zaynab Dayibekova va Guliston Perdebayeva bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha Jalg‘asbay Berdimuratov, dzyudo bo‘yicha Ernazar Sarsenbayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Ernazar Sarsenbayev dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jamoaviy bellashuvlarida ham samarali ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning o‘tgan olti oyida Qoraqalpog‘iston sportchilari O‘zbekiston chempionatlari va kuboklarida, Osiyo va jahon chempionatlari va kuboklarida, shuningdek, xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami 2 ming 831 medalni qo‘lga kiritdi.
Ular orasida, O‘zbekiston chempionatlari va kuboklarida 2 ming 314 ta, shu jumladan, 575 oltin, 685 kumush va 1054 bronza medal, Osiyo chempionatlari va kuboklarida 134 medal, shu jumladan, 36 oltin, 45 kumush va 53 bronza medal, jahon chempionatlari va kuboklarida 54 medal, shu jumladan, 14 oltin, 23 kumush va 17 bronza medal, boshqa xalqaro turnirlarda 329 medal, shu jumladan, 111 oltin, 71 kumush va 147 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bu raqamlar ortida sportchilarimizning har kunlik tinimsiz mehnati, murabbiylarning kasbiy mahorati, sport maktablari va muassasalari faoliyati, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi va davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar mujassam.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shu kuni Nukus shahridagi “Turon” o‘yingohida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur ham tashkil etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri