Osiyo-Okeaniya chempionatida sambochilarimiz 10 ta medalga sazovor bo‘ldi
Filippindagi sambo musobaqasida O‘zbekiston yoshlari yana bir bor shohsupaga ko‘tarildi. Musobaqaning ikkinchi kuni ham terma jamoamiz uchun sermahsul bo‘ldi.
Filippinda sambo bo‘yicha kadetlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati davom etmoqda. Musobaqaning ikkinchi kunida yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlar o‘tkazilib, O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 1 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza, jami 10 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Mamlakatimiz jamoasi safida Islom Abduzakirov (-71 kg) barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Kumush medallar Laysan Sagadiyeva (-54 kg), Asadbek Ro‘zmetov (-58 kg) va Asadbek Yuldashboyev (-98 kg) hisobiga yozilgan bo‘lsa, bronza medallariga Ozodbek Otayev (-64 kg), Taras Buchinsev (-79 kg), Nuriddin Sheraliyev (-88 kg), Ruslan Shokirov (-98 kg), Asal Shavkatova (-72 kg) hamda Baxtjan Mamutov (-79 kg) ega chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha musobaqa doirasida o‘smirlar o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalga sazovor bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA