“O‘rganamiz, o‘rgatamiz – tajriba almashamiz”
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostidagi “O‘qituvchilar qurultoyi” Jizzaxdagi Prezident maktabida bo‘ldi.
“O‘rganamiz, o‘rgatamiz – tajriba almashamiz” mavzusidagi seminar-treningda viloyatning bir guruh yuqori malakali pedagoglari, Jizzax shahridagi Prezident maktabida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijlik malakali mutaxassislar ishtirok etdi.


“Ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan darsliklar majmualari asosida o‘qitish metodikalari” va “O‘rganish motivatsiyasi. O‘quvchilarni fanlarga qiziqtirish yo‘llari” mavzularidagi mashg‘ulotlar viloyatdagi eng tajribali pedagoglar va xorijlik mutaxassislar tomonidan olib borilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.


– Shuningdek, “O‘qituvchilar quriltoyi” davomida aniq hamda tabiiy fanlar, ona tili va adabiyot yo‘nalishlaridagi zamonaviy ta’lim metodikalari bo‘yicha ishtirokchilar o‘z bilim va malakalarini oshirdi, ham o‘rgatdi, ham o‘rgandi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shoira Damanova. – Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘tilgan mavzulardan so‘ng, shu yo‘nalishlardagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha tashkil etilgan davra suhbatlari juda qiziqarli va foydali bo‘ldi.


Kunning ikkinchi yarmida anjuman belgilangan dasturga muvofiq davom etib, tadbir doirasida o‘qituvchilar tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflar yuzasidan taqdimot o‘tkazilib, tizimda yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va yangi – 2024 o‘quv yili rejalari haqida gapirildi.



“O‘qituvchilar qurultoyi” davomida viloyatda faoliyat olib borayotgan 23 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hamda Jizzax viloyati hokimining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Quriltoy viloyatda faoliyat yuritayotgan taniqli san’atkorlar va ijrochi yoshlarining konsert dasturi bilan nihoyasiga yetdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri