Oqqoʻrgʻon anjirining siri nimada?
Uning oʻzgacha mazasi, antiqa koʻrinishi barchaga manzur boʻladi.
Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida yetishtirilayotgan jannat mevasi deya taʼriflanadigan anjirning dovrugʻi yurtimizda juda mashhur.
Uning oʻzgacha mazasi, antiqa koʻrinishi barchaga manzur boʻladi. Och sariq yoki siyohrang tusli bu mevalar vitamin va quvvatbaxsh moddalari bilan insonga salomatlik, goʻzallik va yoshlik baxsh etadi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu tansiq mevani uzilgan kunida isteʼmol qilishning foydasi koʻproq. Anjir qoqi oʻzining betakror taʼmi va shifobaxshligi bilan barcha uchun sevimli quruq meva boʻlib, tarkibida hatto eng zaiflashgan organizmni ham quvvatlantira oladigan mikromaʼdanlar bor. Ulugʻ bobomiz Abu Ali ibn Sino “anjirning oʻziga xos tabiati bor. Shinnisining taʼsiri asal taʼsiriga oʻxshaydi” deya uning shifobaxshligi haqida soʻz yuritgan.
Buvayda tumanidagi “Oqqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi aholi azaldan ana shunday sarxil meva yetishtirish bilan shugʻullanadi. Aytishlaricha, oqqoʻrgʻonliklar xonadoniga mehmon boʻlib kelganlarni avvalo anjirzorlar boʻylab sayohatga chorlash anʼanaga aylangan. Anjirzor bogʻlarni oralagan kishi oltindek tovlanib, gʻarq pishgan anjirning taʼmi va xushbuy iforidan bahramand boʻladi, charchoqlarini unutadi, koʻnglini koʻtarinkilik, ulugʻvorlik chulgʻaydi.
Burhonjon Soliyev anjirchi bogʻbonlarning beshinchi avlodi. Ayni kunda 20 sotix maydonda Oqqoʻrgʻonga xos boʻlgan sariq anjir yetishtirish, yangi anjirli bogʻlar yaratishda koʻpga ibrat boʻlib kelmoqda.
– Anjir nafaqat salomatlik, balki moʻmay daromad mahsuli, –deydi usta bogʻbon gʻarq pishgan anjirlarga boqib. – Uni bargi ham xaridorgir. Oʻtgan yili Qozogʻistonga anjir barglarini eskport qildik. Toʻgʻri, bu osonlik bilan amalga oshirilmaydi. Lekin izlagan imkon topadi, mehnatiga yarasha daromad olishi tayin. Har yili tomorqadagi anjirzordan 30-40 million soʻmga yetkazib daromad olamiz. Uy-joy, toʻkin hayot ana shu mehnatlarimiz mahsuli. Bu yil anjirlarni dudlash usulida quritish ustida ish olib boryapmiz. Bu usul mevalarni oʻz xususiyatini yoʻqotmagan holda uzoq vaqt saqlash, eksportga yoʻnaltirish imkoniyatini beradi.
Maʼlumot oʻrnida aytganda, keyingi yillarda aholi tomorqa maydonlari va anjirli bogʻlar yildan yilga kamayib bormoqda. Nega, nima uchun?
– Keyingi yillarda anjirzorlar ikki hissaga kamaydi, – deydi “Oqqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Azimjon Karimov. –Asosiy masala aholi tomorqasi va mevali bogʻlarda yetishtirilgan mahsulotlarni sotish, qayta ishlash bilan bogʻliq. Chunki ayni pishiqchilik mavsumida mevalarni sotishda oʻziga xos muammolar yuzaga kelmoqda. Hududda mahsulotlarni qabul qilish, qayta ishlash bilan bogʻliq ishlab chiqarish tarmogʻi tashkil etilmagan. Mahsulotni bozorga olib chiqib sotishga esa har kimning ham imkoniyati yoʻq. Bu mahsulot sifati, tan narxi va mehnatga yarasha manfaatdorlik kamayib ketishiga asos boʻlmoqda. Aslida anjir xar jihatdan foydali, bir yilda ikki marta hosil beradi. Mahallamizda bu ishlarni rivojlantirish istagida boʻlgan mirishkorlar koʻp. Ammo mahsulot yetishtirish, sotish, qayta ishlash hamon ogʻriqli masala boʻlib turibdi.
Darhaqiqat, oʻtgan asrning saksoninchi yillarida mahalla hududida 50 gektar yerda anjizor bogʻlar va shunga monand qayta ishlash tarmoqlari tashkil etilgan. Bu aholi tomorqasi va anjirzor bogʻlarida yetishtirilgan mevalarni xarid qilish, qayta ishlashda qoʻl kelgan. Bugun bu qayta ishlash tarmogʻi qarovsiz. Ishlab chiqarish maydonlari, texnika va jihozlar talon-taroj qilingan. Holbuki bu yerda qayta ishlash tarmoqlari tashkil etish bilan bogʻliq suv, tabiiy gaz, elektr tarmogʻi, yoʻl kabi zaruriy infratuzilma tarmoqlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Faqat tashabbuskor tadbirkorlarni topish, qoʻllab-quvvatlash bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.
– Ayni kunda uy sharoitida anjirdan murabbolar tayyorlashni yoʻlga qoʻyganmiz, – deydi tadbirkor Maxsitali Joʻrayev. – Shu maqsadda Quvasoydagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida qadoqlash idishlariga buyurtmalar berdik. Oʻtgan yili 1000 dona anjir murabbolari tayyorlab savdo doʻkonlariga yetkazib berdik. Ular mahsulotlarimizni xarid qilishga tayyor. Faqat oz miqdordagi mahsulotlar bilan isteʼmolchilar talabini qondirib boʻlmasligini taʼkidlashmoqda. Shu bois yirik hajmda zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari qurish ustida ish olib boryapmiz. Tashabbusimiz tuman mutasaddilari tomonidan qoʻllab-quvvatlamoqda. Ayni kunda tarmoq qurilishi uchun yer maydoni va sarmoya ajratish masalasi hal etilmoqda.
Yangi tarmoq Oqqoʻrgʻon va atrof mahallalardagi aholi tomorqasi va anjirzor bogʻlarida yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash, yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Anjir beor oʻsimlik boʻlib, tez koʻpayadi. Bogʻbonlar eʼtirofiga koʻra, shohidan qilingan koʻchat ikki yilda hosilga kiradi. Ammo hududda mahalliy iqlim sharoitlariga mos boʻlgan yangi koʻchat navlarini yaratish, turlarini koʻpaytirish zarur.
– Bir tup anjir 300 kilogrammgacha hosil beradi, – deydi bogʻbon Valijon Abduhalilov. – Ammo bu bilan kifoyalanib qolmasligimiz kerak. Chunki meva koʻchatlari yetishtirish yoʻlida olib borilayotgan eski usul va amallar yangi loyihalarni rivojlantirish, ekinlar hosildorligi hamda sifatini oshirish imkoniyatini bermaydi. Shu bois mahallamizda bu yoʻnalishda ish olib boruvchi ilmiy, oʻquv tajriba markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ular uchun tajriba ekin maydonlari ajratib berish maqsadga muvofiq boʻlardi.
Shifobaxsh va daromad manbai boʻlgan anjir yetishtirish, sotish borasida koʻhna qishloqda yuzaga kelgan muammolar kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. U yillar davomida oʻz yechimini kutib turibdi. Shuning uchun ham Buvayda tuman hokimligi mazkur muammoga eʼtibor qaratishi, Oqqoʻrgʻon anjirining shuhratini qayta tiklashi kerak.


