“O‘qish savodxonlari” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Yurtimizda ma’rifat, kitobxonlik targ‘ibotiga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan vazifalarga ko‘ra, ijodiy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalari yuqori bo‘lgan maktab o‘quvchilarini aniqlash va ularni munosib taqdirlash, yoshlarning bilim va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida “O‘qish savodxonlari” tanlovi tashkil etildi.
Mazkur tanlov yoshlarning ijodiy qiziqishi va qobiliyatini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy-intellektual rivojlanishiga ko‘maklashish, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalarni yangi tizim asosida rivojlantirishga oid 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi — yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish hamda ular orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish vazifalarini izchil amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu tanlovni tashkil etishda boshlang‘ich ta’lim bosqichida o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini xalqaro mezonlar asosida rivojlantirish, ularning matn bilan ishlash kompetensiyalarini baholash va shu orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tizimli yondashuvlar ham ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Bu jihatlar xalqaro baholash dasturlarida, xususan, PIRLS tadqiqotida qo‘llaniladigan metodologik tamoyillar bilan hamohang tarzda yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-28224]
Shu asosda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida hududiy boshqarmalar ko‘magida “O‘qish savodxonlari” tanlovi o‘tkazildi.
Unda respublika bo‘ylab 164 ta maktabdan qariyb 18 ming nafar 4-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tanlov jarayonlari o‘quvchilarning matnni o‘qib tushunish, tahlil qilish hamda o‘z fikrini yozma ravishda ifodalash ko‘nikmalarini aniqlash va baholashga qaratildi. Test sinovlari to‘rt kun davomida bosqichma-bosqich tashkil etilib, test.avloniy.uz elektron platformasi orqali o‘tkazildi.
Jarayonlarda adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida institut, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda pedagogik mahorat markazlari tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar monitoring ishlarini olib bordi.
Topshiriqlar badiiy va axborot matnlari asosida shakllantirilib, avtomatik baholanadigan yopiq savollar hamda sun’iy intellekt asosida baholanadigan ochiq (yozma javobli) topshiriqlardan iborat bo‘ldi. Testlarni bajarish uchun o‘quvchilarga jami 80 daqiqa vaqt ajratildi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, har bir hududdan eng yuqori natijani qayd etgan 3 nafardan o‘quvchi saralab olinib, respublika bo‘yicha jami 42 nafar g‘olib aniqlandi.
Mazkur tanlov natijalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini rivojlantirish va ularni xalqaro baholash tadqiqotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning muhim amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tanlovning yakunlash hamda g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati, Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati hamda institut va hududiy boshqarmalar mas’ullari, shuningdek, tegishli ta’lim tashkilotlaridan mehmonlar qatnashdi.
Tadbirda g‘oliblar diplom, noutbuk, planshet va statuetkalar bilan taqdirlandi, shuningdek, ularning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
N.Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari