Onlayn insholar tanlovi oʻtkaziladi
Gʻoliblarni taqdirlash 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan tadbirlarda tantanali ravishda topshiriladi.
Ichki ishlar vazirligi mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish, vazirlik taʼlim muassasalarining kursant (tinglovchi) va oʻquvchi-yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ichki ishlar organlarida Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash hamda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib qilish maqsadida “Oʻzligimiz timsoli – ona tilim” mavzusida onlayn insholar tanlovini eʼlon qildi.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Tanlov Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalarining kursant (tinglovchi) va oʻquvchilari oʻrtasida 2020-yil 10-sentyabrdan 10-oktyabrgacha boʻlgan vaqt oraligʻida onlayn tarzda oʻtkaziladi. Ishtirokchilar oʻzbek tilida, qoʻlyozma shaklida yozilgan insholari bilan ishtirok etadi.
Gʻoliblarni taqdirlash 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan tadbirlarda tantanali ravishda topshiriladi.
Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan vazirlik taʼlim muassasalarining kursant (tinglovchi) va oʻquvchilari “Oʻzligimiz timsoli – ona tilim” mavzusidagi insholarini joriy yilning 15-oktyabr kuniga qadar elektron shaklda (muallif tomonidan imzolangan skaner varianti bilan birgalikda) Ichki ishlar vazirligi birlashgan tahririyatining “postda.uz” telegram manziliga yuborishi lozim.