Oliygohda ma’naviy-ma’rifiy tadbir
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamkorligida Qarshi shahridagi Iqtisodiyot va pedagogika universitetida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Yoshlar o‘rtasida ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yuksaltirish, o‘zbek tilining milliy qadriyatlarimiz va ma’naviy merosimizdagi o‘rnini keng targ‘ib qilish hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ta’lim muassasasi pedagog xodimlari va bir guruh faol talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi ahamiyati, uning boy tarixi va bugungi kundagi nufuzi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning bilim va dunyoqarashini kengaytirishda kitob mutolaasining o‘rni alohida ta’kidlandi.


Tadbir yakunida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar sovg‘a qilindi. Ushbu tashabbus talaba-yoshlarni rag‘batlantirish, ularning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda bilim olishga intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri