Oliy ta’limda kiberxavfsizlik kuchaytiriladi
Raqamlashtirish jadallashayotgan bugungi davrda kiberxavfsizlik masalasi ta’lim tizimi uchun ham dolzarb vazifaga aylanmoqda. Shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi “Kiberxavfsizlik markazi” o‘rtasida muhim hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi direktori Olimjon Mirzayev ishtirok etdi.

Muloqot davomida so‘nggi yillarda ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlari tezlashgani, shu bilan birga axborot tizimlari va muhim ma’lumotlar bazalariga qaratilgan kiberhujumlar xavfi ham ortib borayotgani ta’kidlandi. Tomonlar axborot infratuzilmasini himoya qilishning zamonaviy va samarali mexanizmlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Imzolangan memorandum doirasida oliy ta’lim tizimi uchun maxsus “CERT-EDU” kiberxavfsizlik bo‘linmasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hujjatda axborot almashinuvini kuchaytirish, talabalar amaliyoti va bandligini ta’minlash, mutaxassislar malakasini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni birgalikda rivojlantirish kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.
Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ta’kidlashicha, mazkur hamkorlik nafaqat tizimni texnik jihatdan himoya qilish, balki mehnat bozori uchun kiberhimoya ko‘nikmalariga ega, raqamli gigiyenani yaxshi tushunadigan yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga ham xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, raqamli xavfsizlikni ta’minlash endilikda har bir ta’lim muassasasi uchun strategik ahamiyatga ega vazifalardan biriga aylanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA