Oliy ta’lim tizimida hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasining Isroil davlatidagi elchixonasi hamda Xolon texnologiyalar instituti hamkorligida joriy yilning 4-8-aprel kunlariga “Isroilda O‘zbekiston ilm-fani kunlari – xalqlar do‘stligini mustahkamlash yo‘lida” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Unda mamlakatimizning bir guruh oliy ta’lim muassasalari vakillari qatorida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov ham ishtirok etdi.
– Anjuman davomida Isroilning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyati bilan tanishdik, – deydi Obidjon Hamidov. – Shuningdek, Xolon texnologiya instituti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xolon texnologiya institutining ta’lim tizimi, mavjud imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Buxoro davlat universiteti va Xolon texnologiyalar instituti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan “Amaliy matematika va informatika”, “Kompyuter bilimlari” yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 87 nafar talaba tahsil olmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Isroilning Veysman fan instituti faoliyati bilan ham tanishtirildi. Mazkur bilim dargohi magistratura hamda doktorantura bosqichida tadqiqotchilarni tayyorlaydi. Maktablarda va jamoatchilikda aniq va tabiiy fanlar ta’limini rivojlantirishga alohida e’tibor beriladigan institutda matematika, informatika, fizika, kimyo, biokimyo va biologiya bo‘yicha olimlar yetishib chiqadi. Tashrif natijasida mazkur institut bilan informatika, fizika, kimyo, biologiya yo‘nalishlarida magistrlar tayyorlash va adabiyotlar almashinuvi masalalarida kelishuvga erishildi.

Veysman instituti dunyodagi yetakchi fundamental tadqiqot institutlaridan biridir. Bilim dargohi yuqoridagi beshta bo‘lim bo‘yicha 250 ta eksperimental va nazariy tadqiqot guruhlaridan iborat. Uning laboratoriyalarida paydo bo‘lgan g‘oyalar inson tanasi va koinot haqida fundamental tushuncha berishga yordam beradi. Institut maktablarda va aholi o‘rtasida fan ta’limini rivojlantirishga katta e’tibor beradi. Ushbu dastur Veysman fan institutining ta’lim bo‘limi bo‘lgan Devidson Fan ta’limi instituti tomonidan ilgari surilib, ilmiy savodxon jamiyatni tarbiyalash orqali Isroilda yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, Veysman va Devidson instituti minglab fan hamda matematika o‘qituvchilarini tayyorlaydi. Xalqaro raqobatbardosh yozgi ilmiy lagerlar va turnirlarni o‘tkazadi. Talabalar va jamoatchilik uchun keng ko‘lamli dasturlarni taklif etadi.
O‘zbekiston delegatsiya a’zolari Quddus yahudiy universiteti rahbariyati bilan ham uchrashdi. Unda universitetlararo hamkorlik aloqalarini tashkil etish va uni mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Delegatsiyani Quddus yahudiy universiteti vitse prezidenti Oron Shagrir hamda Gumanitar fanlar fakulteti Islom va Yaqin Sharqshunoslik kafedrasi professori Michayel Shenkar qabul qildi. Universitet tarixi, talabalar soni, jahon reytingidagi o‘rni, magistrlik loyihalar, arxeologiya, agronomiya, tarix bo‘yicha stajirovka, ilmiy izlanishlar, PhD dasturlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Quddus yahudiy universiteti Isroildagi eng yirik ilmiy va ta’lim markazidir.

Anjuman davomida o‘qitish va loyihalash texnologiyalari, tibbiyot, amaliy matematika, nano-texnologiyalar, kompleks tahlil va dolzarb ilmiy muammolar kabi turli mavzularda ma’ruzalar va munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Bir so‘z bilan aytganda anjuman oliy ta’lim muassasalari, sanoat dizayni, interer dizayni, vizual aloqa dizayni, turizm texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari kabi ko‘plab sohalarda mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda hamkorlikni kengaytirishda yangi, muhim sahifa ochdi.
Zarif Komilov, O‘zA