Oliy ta’lim sohasida Germaniya bilan hamkorlik aloqalari kengaytiriladi
Mamlakatimizda oliy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini kuchaytirish, amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion ekotizimni shakllantirish, universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, texnologiyalar transferi mexanizmlarini takomillashtirish hamda “Sanoat 4.0” va aqlli ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.
Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Germaniyadagi ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha amaliy ilmiy-tadqiqot instituti — “Fraunhofer IPK” vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham qayd etildi. Muloqotda aytilishicha, “Fraunhofer IPK”ning amaliy tadqiqotlar, texnologiyalar transferi hamda davlat, akademik doiralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va sanoat o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va sanoat sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologiyalar transferini kengaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat hamkorligi borasida takliflar bildirildi. Xususan, “Fraunhofer” xalqaro mobillik dasturi va “Fraunhofer Attractgrant” dasturlari asosida “Fraunhofer”–O‘zbekiston yosh tadqiqotchilar mobillik dasturi”ni yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Dastur doirasida o‘zbekistonlik yosh olimlarni 3–6 oy muddatga “Fraunhofer” laboratoriyalariga yuborish va ularning keyinchalik mahalliy korxonalarda amalga oshiriladigan tijoratlashtirish loyihalariga jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti qoshida “Suv va yashil energetika texnologiyalari” yo‘nalishida “Fraunhofer Innovation Platform” tashkil etish, Toshkent arxitektura-qurilish universitetida robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha raqamli laboratoriya ochish tashabbuslari ilgari surildi. Bundan tashqari, sanoat va oqova suvlardan resurslarni qayta ajratib olish bo‘yicha qo‘shma pilot loyihani Germaniya Ta’lim va tadqiqotlar federal vazirligining Markaziy Osiyo uchun grant dasturiga birgalikda taqdim etish, ilmiy ishlanmalarni xalqaro platformalar orqali sanoatga integratsiya qilish va ularni tijoratlashtirish bo‘yicha “Fraunhofer” tajribasidan foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA