Oliy taʼlim tizimidagi korrupsiya bilan bogʻliq muammolar qanday hal etiladi?
Korrupsiya – zamonaviy jamiyatning global hamda koʻhna muammosi boʻlib, butun dunyoning barcha davlatlarida u yoki bu koʻrinishda mavjud.
Korrupsiya – zamonaviy jamiyatning global hamda koʻhna muammosi boʻlib, butun dunyoning barcha davlatlarida u yoki bu koʻrinishda mavjud.
Ushbu illat faqatgina yuridik ahamiyat kasb etmasdan, ijtimoiy, siyosiy hamda maʼnaviy oqibatlarni ham yuzaga keltiradi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurash hamda uning samarali oldini olish dunyodagi har bir davlatning birlamchi ustuvor vazifasi ekanligi ayni haqiqat.
Ushbu illatning oldini olishda taʼlim eng kuchli qurol ekanligi haqiqat.
Taʼlim – muvaffaqiyatli davlatchilikning asosiy poydevori hisoblanadi. Muvaffaqiyatli davlatni esa poydevorsiz qurib boʻlmaydi.
Afsuski bugungi kunda ushbu masalada hamma bir xil fikrda emas hamda taʼlim sohasi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri boʻlib qolmoqda. Milliy taʼlim sohasida korrupsiya turli koʻrinish va shakllarda namoyon boʻlmoqda hamda tez oʻzgaruvchan xarakter kasb etib etib kelmoqda. Taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan islohotlarga qaraganda korrupsion sxema va yondashuvlar jadalroq modernizatsiya qilinmoqda, bu oʻzining salbiy oqibatlarini keltirib chiqarmoqda.
Taʼlim sohasidagi korrupsiyaning keng tarqalgan turi bu “pora olish va pora berish”dir.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim tizimi sohasi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri boʻlib qolmoqda.
Oliy taʼlim tizimidagi korrupsiya bilan bogʻliq muammolarni hal etishda ularning ildiziga nazar solish toʻgʻri boʻlar edi. Masalan, ish beruvchiga bilimsiz lekin diplomi bor xodim nima uchun kerak? Qachonki bizning jamiyatda insonlar ongida eng muhimi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning mavjudligi emas, balki maʼlum bir bilim va koʻnikmalarga ega ekanlik gʻoyasining ustuvorligi taʼminlanishiga erishsak korrupsiyaga qarshi kurashda jiddiy oldinga qadam tashlangan boʻlar edik.
Mamlakatimizda keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrilmoqda.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi, jamoat va parlament nazoratini taʼminlash mexanizmlari takomillashtirilmoqda, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ham ushbu islohotlarni mantiqiy davomi desak boʻladi.
Ushbu farmonning 8-bandida 2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy taʼlim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etish vazifasi belgilandi.
Ushbu ustuvor vazifalar mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini butunlay korrupsiyadan holi soha sifatida shakllanishida va rivojlanishida muhim huquqiy asoslardan biri boʻlib xizmat qilmoqda.
Oliy taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi OTMlariga qabul qilishdan toki oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomni berish vaqtigacha boʻlgan jarayonlarni, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichini hamda Talabalar oʻqishini koʻchirish, oʻqishga tiklash va nostrifikatsiya bilan bogʻliq masalalarni oʻz ichiga oladi.
Oliy taʼlim muassasalarida korrupsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri bu – ushbu salbiy munosabat ishtirokchilarining aniq va ishonchli ekanligi bilan ifodalanadi. Yaʼni OTMdagi korrupsiyada pora oluvchi bu – OTM professor-oʻqituvchilari hamda pora beruvchi bu – talaba. Aynan ushbu ishtirokchilarning bir-biri bilan yaqin munosabati ushbu turdagi qilmishlarning aksariyat hollarda latent boʻlib qolishiga sabab boʻlmoqda.
OTMlarida korrupsiya bilan bogʻliq holatlar – oʻquv, oʻquv-uslubiy ishlar yoʻnalishida asosan sodir etilishi hech kimga sir emas albatta. Yaʼni bir nafar talaba oʻqishni bitirugunga qadar qariyb 60 ga yaqin fanni oʻzlashtirishi hamda baholanishi lozim. Demak har bir fan boʻyicha joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarni topshirishi talab etiladi. Mana shu holatning oʻzi korrupsiya xavfi darajasining ortishiga sharoit yaratadi.
Demak, avvalo, oliy taʼlim muassasalarida ushbu yoʻnalishdagi birinchi ustuvor vazifa – mavjud Davlat taʼlim standartlari (oʻquv yuklamalar), oʻquv rejalar, dasturlarni tanqidiy isloh etish hamda zamonaviy standartlar asosida, umumiy fanlar sonini optimallashtirish lozim boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinganligi ushbu yoʻnalishda Toshkent davlat yuridik universiteti hayotida butunlay yangi jarayonlarni boshlab berdi desak ayni haqiqat boʻladi.
Ushbu farmonda belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, bugungi kunda TDYUUda bir qator islohotlar amalga oshirilishi hamda 2020-2021 oʻquv yilidan umumiy fanlar optimallashtirilishi, hamda bir-birini takrorlovchi va amaliyot bilan bogʻlanmagan fanlar oʻquv rejalaridan chiqarilishi va amaliyotga yoʻnaltirilgan mutaxassislik fanlari kiritilishi yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ikkinchi ustuvor vazifa – talaba bilimini baholash jarayonida talaba hamda professor oʻqituvchi oʻrtasida vizual aloqani butunlay cheklash lozim. Yaʼni talaba bilimini baholash ushbu fandan dars mashgʻulotlarini oʻtadigan professor-oʻqituvchiga umuman bogʻliq boʻlishi kerak emas.
Oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish jarayoni, reyting natijalarini obyektivligini qayta tekshirish, ularni tahlil etish, rasmiylashtirish va talabalar eʼtiboriga yetkazish masalalari aniq belgilab berish lozim. Shuningdek, har bir talaba shaxsini anonim saqlagan holda har bir fan doirasida “identifikatsion kod” bilan shifrlash tajribasini kiritish hamda talaba va oʻqituvchi oʻrtasida vizual aloqani qisqartirish talabalarning bilimini xolisona tekshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishiga olib keladi.
Uchinchi ustuvor vazifa – OTM butun faoliyatini videokuzatuv tizimi orqali nazorat qilishi tizimini yoʻlga qoʻyish.
Toʻrtinchi ustuvor vazifa – OTMlarida fakultet dekanatlari huquq va majburiyatlarini optimallashtirish.
Yaʼni dekanat talabalar hamda oʻzlariga biriktirilgan kafedralarning tashkiliy masalalarini muvofiqlashtirishi, lekin oʻquv, ilmiy-metodik ishlar bilan bogʻliq jarayonlardan mustaqil boʻlishini taʼminlash zarur.
OTMdagi oʻquv, ilmiy-metodik ishlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi mustaqil tarkibiy boʻlinmani shakllantirish hamda ushbu boʻlinmani toʻgʻridan-toʻgʻri rektorga boʻysundirish mexanizmlarini takomillashtirish davr talabi.
Beshinchi ustuvor vazifa – OTMlari faoliyatida toʻliq shaffoflikni taʼminlash. Taʼlim bilan bogʻliq barcha jarayonlar elektronlashtirilishi hamda ortiqcha rasmiy hujjatlardan voz kechish lozim.
Bunday ijobiy amaliyot TDYUU faoliyatida samarali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, reyting daftarchasi yuritilishidan butunlay voz kechildi hamda talabalar bilimini nazorat qilish va baholash jarayoni Talabalar reytingini hisobga olish elektron tizimi (SRS) orqali amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi va ushbu jarayon toʻliq elektronlashtirildi. Bu ham oʻz-oʻzidan professor-oʻqituvchi va talaba oʻrtasida vizual aloqani cheklashga xizmat qildi.
Oltinchi ustuvor vazifa. Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha ishlar tizimini takomillashtirish.
Yaʼni elektron murojaat tizimi hamda talabalar fikrini oʻrganish boʻyicha (feed-back) tizimini keng joriy etish.
Yettinchi ustuvor vazifa, “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishda eng asosiy islohotlar aynan kadrlar bilan ishlash yoʻnalishida amalga oshirilishi lozim, deb hisoblaymiz.
Shunday ekan ushbu yoʻnalishdagi ustuvor vazifa – xodimlarni ishga olish jarayoni hamda bozor sharoitidagi yetarli ish haqi bilan taʼminlash masalasidir.
Biz mehnatga munosabatni butunlay oʻzgartirishimiz, yaʼni qancha vaqt ishlaganiga emas, natijaga qarab haq toʻlash lozimligini insonlarga singdirishimiz kerak.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Prezidentimiz ham haqli ravishda taʼkidlanganlaridek, “Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtayi nazaridan bizga qaysi soha uchun mutaxassis kerak boʻladi? Shuni hozirdan chuqur oʻylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalashimiz kerak, bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz”dir.
X.Ochilov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi
mudiri yu.f.f.d.,(PhD)