OKMKdan bolajonlarga bayram tuhfasi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ijtimoiy soha doimo qo‘llab-quvvatlanib kelinadi. Jumladan, mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yilligi arafasida kombinat tasarrufidagi 33-sonli “Ertak” nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur ta’lim muassasasining ochilish marosimida ishtirok etgan OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning barchasi inson manfaatlariga qaratilganini ta’kidlab, ushbu zamonaviy bog‘cha ham bolajonlar uchun haqiqiy bayram sovg‘asi ekanligini aytib o‘tdi.
Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston qahramoni Saydali Rahmonov va nuroniylar yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. 33-sonli MTTda olib borilgan mukammal ta’mirlash ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh quruvchilar va bog‘cha ishchi-xodimlariga qimmatbaho sovg‘alar tuhfa etildi. Shundan so‘ng, ramziy tasma kesilib, kombinat rahbariyati va tadbir ishtirokchilari mukammal ta’mirlangan muassasada bolajonlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zda kechirdi.
Aytish joizki 1985 yilda 224 o‘rinli qilib qurilgan mazkur bog‘cha, mukammal ta’mirdan so‘ng 336 o‘ringa kengaytirildi. Kapital ta’mirlash ishlari kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi. Ta’mir ishlari davomida binoning tom qismi quyma mastika bilan qoplandi. Bino fasadi travertin bilan pardozlandi, eski eshik va oyna romlar yangisiga almashtirildi. Yozgi ayvonchalar tomi profnastilga almashtirildi. Ichki binoda pardozlash ishlari, santexnika va elektrlashtirish ishlari zamonaviy uslubda amalga oshirildi. Bog‘chaning hovli qismida ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, asfalt qoplamasi va bruschatkalar yotqizildi.
[gallery-13346]
Bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yangi amfiteatr qurilib, hovliga yangi o‘yingohlar o‘rnatildi. Oshxona va kir yuvish binolari yangi tipdagi jihozlar bilan ta’minlandi. Ushbu ob’ektning mukammal ta’mirlanishiga 6,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA