Oila tadbirkor tomonidan homiylikka olindi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Yurakka yo‘l” aksiyasi joylarda aholi muammolarini o‘rganish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur aksiya doirasida O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Yoshlar qanoti”, partiyaning Ellikqal’a tuman Kengashi mas’ullari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengash deputatlari hamda tegishli tuman tashkiloti vakillari ishtirokida keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borildi.
Tashriflar davomida Amirobod, Tozabog‘, To‘rtdevor, Navbahor va Jasorat mahallalaridagi 50 dan ziyod xonadon holidan xabar olinib, fuqarolarning murojaati tinglandi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va og‘ir turmush sharoitida yashab kelayotgan oilalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashriflar davomida yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, dori-darmonlar bilan ta’minlash, shuningdek, uy-ro‘zg‘or ishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, zarur jarrohlik amaliyoti va davolanishlar uchun order olish masalalari nazoratga olindi. Shuningdek, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayollarga moddiy va moliyaviy ko‘mak berish, ularni ish bilan ta’minlash masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Partiyaning “Bir oila – bir homiy” aksiyasi doirasida ham amaliy ishlar davom etmoqda. Xususan, tadbirkor va deputat Zuhriddin Matkarimov tomonidan To‘rtdevor mahallasida istiqomat Sa’dullayevlar oilasi bir yil muddatga homiylikka olindi.
Mazkur xonadon egasi Jumanazar ota Sa’dullayev ikki ko‘zi ojizligi va jarrohlik amaliyoti orqali ko‘rish imkoniyati mavjudligi haqida murojaat qildi. Biroq jarrohlik amaliyoti uchun 8 million so‘m mablag‘ zarur ekanligi, bunga oilaning moliyaviy imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, uning o‘g‘li yurak xastaligi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotini yaqinda boshdan kechirgan, nevarasi esa ko‘z nuqsoni bilan tug‘ilgan bo‘lib, uni davolash uchun ham yordam so‘raldi.

Ushbu holat yuzasidan mutasaddilar tomonidan amaliy chora-tadbirlar belgilanib, oilaga oziq-ovqat, dori-darmon, bolalarning ta’limi uchun zarur jihozlar yetkazib berish, shuningdek, oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish vazifalari belgilandi.
Tashriflar davomida mahallalardagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan ham tanishilib, ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
“Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar inson qadrini ulug‘lash, aholi dardini tinglash va ularga amaliy yechimlar topish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.