Og‘ir atletika: Qozog‘istonlik murabbiylar O‘zbekistonda
O‘zbekiston va Qozog‘iston og‘ir atletikachilari o‘rasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishni rivojlantirish maqsadida keyingi yillarda bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, joriy yil har ikki mamlakat terma jamoalari ishtirokida bir necha bor qo‘shma mashg‘ulotlar, amaliy seminarlar, musobaqalar tashkil etildi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasida Qozog‘iston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Olimjon Mahmudov qozog‘istonlik mutaxassislar bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, hududiy va xalqaro musobaqalarga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, sportchilar va murabbiylar o‘rtasida tajriba almashish yo‘nalishidagi ishlarni tizimli tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv jarayonida qozog‘istonlik mehmonlar O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi faoliyati, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo og‘ir atletika maktabi bugungi kunda jahon sportida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda.
Shu nuqtai nazardan, mintaqa sportining, xususan og‘ir atletikachilarning jahon maydonidagi yetakchiligini mustahkamlash, ikki davlat terma jamoalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish kelajakda jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlaridagi ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani aytib o‘tildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA