Odamlarning energetika xodimlarini qanday eslashi kimga bog‘liq?
Odamlarimiz tanti, kechirimli.
Odamlarimiz tanti, kechirimli. Iloji bo‘lmagan ishni bajara olmasangiz, erkagi sizni so‘kmaydi, ayoli – qarg‘amaydi. Ammo soatlab yoki kunlab svetsiz o‘tirsangizu soha mutaxassislari pinagini buzmasa, asabingiz ado-yu tamom bo‘lmaydimi? Elektrsiz hozir hech narsa qila olmaysiz. Hozir usiz hatto uy telefonlarimiz ham ishlamaydi. Shunday ekan, soha xodimlarini o‘zaro suhbatlarda qanday eslashimiz kerak?
15 fevral shanba kuni Bog‘imaydon mahallasi hududidagi 1277-TP xizmat ko‘rsatadigan hovlilarning bir qismida svet bo‘lmadi. Bu haqda 233-12-12 telefon raqami orqali soat 11:30 larda shahar elektr tarmoqlari idorasiga xabar yetkazdik. Yaxshiyamki navbatchi telefon go‘shagini ko‘tardi. Bundan xursand bo‘ldik. Ammo vaqt o‘taverdi, ustalardan darak bo‘lmadi.
Soha rahbarlarini bilganligim uchun ularga qo‘ng‘iroq qildim. Shahar elektr tarmoqlari idorasi bosh muhandisi Xolboy Xolmatovning qo‘l telefoni o‘chirilgan edi. Viloyat elektr tarmoqlari idorasi bosh muhandisi Komil Oqilov janoblari qo‘ng‘iroqlarga umuman javob qaytarmadi. Uning rahbariga murojaat qilay desam, u hali yangi odam bo‘lganligi uchun bari bir boshqalarga o‘xshab javob bermasa kerak deb, bezovta qilib o‘tirmadim.
Bu orada kech tushdi, ustalardan esa darak bo‘lmadi. Soat 17 ga yaqin yana Komil Oqilov raqamini terdim. Yana o‘sha ahvol: javob berishni or sanadimi, bilmadim... Shundan so‘ng ularning matbuot kotibi Gulzuhra Saydalievaga qo‘ng‘iroq qildim. Ishonasizmi, bir safar u javob qaytardi. Ha, kattalaridan durustroq ekan deb, unga dardimni to‘kib soldim. U hurmatimni joyiga qo‘yib, “ustoz” deganicha dispetcherga murojaat qilishimni maslahat berdi. Bunday zo‘r maslahatdan “quvonib”, yana 233-12-12 raqamini terdim. Bir necha marta terdim. Yana o‘sha kasal: javob bo‘lmadi.
Boshqa telefon raqam topdim. Faqat ana shu 233-01-33 raqamidagi xodim javob qaytarib, bu viloyat idorasi ekanligini, shaharga murojaat etish lozimligini tushuntira boshladi. Men “shahar ado bo‘lganmi, hech kim yo‘q-ku” deganimda, u o‘zi kerakli odam bilan ulab berishini aytdi. Ammo ulagan odami nima deganini tushunmadim. Telefon juda yomon ishladi.
Vaziyat bilan tanishtirish uchun yana Gulzuhra Saydalievani bezovta qilmoqchi bo‘ldim. Ana sizga bo‘lmasa! Endi uning telefoni o‘chirilgan edi. Shunda shahar elektr tarmoqlari idorasi rahbari Alisher Mutalibovga qo‘ng‘iroq qilib ko‘raychi dedim o‘zimcha. Dastlab u ham javob qaytarmadi. Ammo soat 17-22 da qilgan qo‘ng‘irog‘imga javob bo‘ldi. U ustalarni yuborishini aytdi. Bir-ikki soat ichida svet o‘lgur yonar deb kutganlar yana armonda qoldi. Ustalar faqat ertasi kuni kelib TPdagi uzilishni tuzatishdi. 10 daqiqada muammo hal bo‘ldi.
Mana ahvol. Sohani tanqid qilsangiz, “biz ishlayapmiz, avariya ko‘p, kuchimiz yetmayapti, bizni ham tushuninglar” kabi o‘ta norozi ohangda aytilgan gaplarni eshitasiz. Elektr tarmog‘i xodimlari, kech qolganingiz sababini tushuntirsangiz, qo‘ng‘iroqqa javob qaytarsangiz bo‘lmaydimi? Shunda odamlar dardingizga sherik bo‘lib, yomon so‘zlar bilan eslamaydi. Demak, odamlarning sizlarni qanday eslab turishi o‘zlaringga bog‘liq.