Odam savdosi jabrdiydalarini qo‘llab-quvvatlashda xalqaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Globallashuv sharoitida odam savdosi va noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq muammolar dunyo hamjamiyati oldidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qoladi. Bu kabi tahdidlarga qarshi samarali kurashishda jabrdiydalarni himoya qilish, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish va jamiyatga qayta moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni joriy etish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish Respublika reabilitatsiya markazida Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT)ning Niderlandiyadagi vakolatxonasi bir guruh ekspertlardan iborat delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida odam savdosi va xavfli migratsiyadan jabrlangan shaxslarni himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, chet davlatlardan qaytgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini reabilitatsiya va reintegratsiya qilish jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda alohida ta’kidlanganidek, odam savdosidan jabrlangan shaxslarga yordam ko‘rsatishda faqatgina himoya choralari bilan cheklanib qolmasdan, ularni to‘liq reintegratsiya qilish, ya’ni jamiyatga qayta moslashtirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va hayot sifatini yaxshilash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA