O‘smirlarimizning g‘alabasi
O‘n olti yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bosqichini g‘alaba bilan boshladi.
O‘n olti yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bosqichini g‘alaba bilan boshladi.
Falastinda o‘tayotgan musobaqada “A” guruhidan joy olgan O‘zbekiston, Yaman, Maldiv orollari va mezbonlar terma jamoalari bahslashmoqda.
Temur Olimxo‘jayev shogirdlari dastlabki uchrashuvda Maldiv orollari terma jamoasini 8:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuvda to‘liq ustunlikka ega bo‘lgan yosh futbolchilarimiz 12-daqiqada hisobni ochdi. Rasul Yo‘ldoshevning uzoq masofada bergan zarbasini raqib darvozaboni qaytara olmadi. Ikkinchi bo‘limda yanada hujumkor o‘yin namoyish etgan futbolchilarimiz Maldiv orollari terma jamoasi darvozasiga yettita to‘p kiritdi. Rasul Yo‘ldoshev yana ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Abdunozir Abdurahmonov uchta, Islombek Karimov va Abubakr Mo‘ydinov bittadan golga mualliflik qildi.
O‘zbekiston futbol federatsiyasidan ma’lum qilinishicha, guruhdagi Yaman va Falastin o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda yamanliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozongan va birinchi turdan so‘ng O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi “A” guruhida yetakchilik qilmoqda. Endi o‘smirlarimiz 18-sentabr kuni bo‘ladigan navbatdagi bahsda falastinlik tengdoshlariga qarshi maydonga tushadi.