Oʻrta Chirchiqda eksportbop mahsulotlar koʻpaymoqda
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “QORASUV CRAFT” masʼuliyati cheklangan jamiyati qishloq xoʻjalik va qurilish sohalari uchun qop mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “QORASUV CRAFT” masʼuliyati cheklangan jamiyati qishloq xoʻjalik va qurilish sohalari uchun qop mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ayni paytda bu yerda karantin qoidalariga amal qilgan holda 50 nafar aholining bandligi taʼminlangan.
Korxona rahbari Marat Jabborovning taʼkidlashicha, Xitoy texnologiyalari asosida tayyorlanatgan turli oʻlchamdagi qoplar mahalliy bozorlarda allaqachon oʻz oʻrnini topgan. Jumladan, paxtani qayta ishlash korxonalariga qogʻoz va polipropilen qoplar yetkazib berilmoqda.
Ayni kunlarda korxonada faoliyat turlarini kengaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, korxona taʼsischisi hisoblangan “GOLDEN PREMIUM BUILD” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan binolarning tashqi tomonini qoplash uchun ishlatiladigan giperpresslangan gʻisht ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bunday mahsulotlar tayyorlash uchun katta mablagʻ shart emas. Masalan, tabiiy gazdan foydalanilmaydi.
Gʻisht tayyorlash uchun Jizzax va Ohangaron togʻlaridagi gʻovak ohaktoshlardan foydalaniladi (binokorlik va sement ishlab chiqarishda ishlatiladi). Mahsulotlarni tayyorlash jarayonida ohakli togʻ jinsi va marmar ushoqlariga 10 foiz sement qoʻshib, 240 tonnalik press bilan ikki tomondan siqib gʻisht tayyorlanadi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, binolar qurilishida bunday gʻishtlardan foydalanilgandan keyin suvoq yoki boshqa pardozlash ishlarini bajarishning hojati qolmaydi, yaʼni dastgohga qaysi rangdagi sement qoʻshilsa, gʻisht shu rangda boʻladi.
Shuningdek, korxonada alyumin profildan eshik, deraza, rom boshqa shaharsozlikda foydalaniladigan mahsulotlar ham ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.