O‘n birinchi tur natijalari
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati oliy ligasining o‘n birinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati oliy ligasining o‘n birinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.Mamlakatning amaldagi chempioni "Lokomotiv" safarda "Qo‘qon-1912" klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvning 45-daqiqasida mezbonlar safida to‘p surayotgan Darko Gojkovich hisobni ochgan bo‘lsa, 78-daqiqada Marat Bikmayev qo‘qonliklar darvozasiga to‘p kiritib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Ayni paytda "temiryo‘lchilar" 23 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. "Qo‘qon-1912" klubi esa 20 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
"Bunyodkor" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasida o‘tgan Toshkent "derbi"sida ham 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi. "Bunyodkor" stadionida o‘tgan ushbu uchrashuvda ham mezbonlar 11-daqiqada Doston Hamdamovning goli evaziga hisobni ochgan bo‘lsa, 71-daqiqada "Paxtakor" safida o‘ynayotgan Stanislav Andreyev hisobni tenglashtirdi.
Toshkentning "Obod" jamoasi o‘z maydonida "Dinamo" (Samarqand) jamoasi ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Sanjar Rixsiboyev ikkita, Doniyor Hasanov bitta gol kiritib, jamoasining ishonchli g‘alabasini ta’minladi. Samarqandliklarning yagona javob to‘piga Abdumalik Abdullayev mualliflik qildi.
“Nasaf” (Qarshi) – “Mash’al” (Muborak), “Olmaliq” (Olmaliq) – “Metallurg” (Bekobod) hamda “So‘g‘diyona” (Jizzax) – “Sho‘rtan” (G‘uzor) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Buxoro” (Buxoro) – “Navbahor” (Namangan) bahsida 3:3, “Qizilqum” (Navoiy) – “Neftchi” (Farg‘ona) o‘yinida 2:2 hisobida durang natijalar qayd etildi.