Nyu-Yorkda kuchli yog‘ingarchilik...
Nyu-York shahrida kuzatilgan kuchli yomg‘ir keng ko‘lamli muammoni yuzaga chiqardi. Hodisadan ayniqsa Bruklin va Kvins tumanlari jiddiy zarar ko‘rdi.
Amerika ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, kuchli yog‘in tufayli ko‘chalarni suv bosgan, transport harakati to‘xtagan, juda ko‘p daraxt qulagan. Hozir shahar kommunal xizmati ofat oqibatini bartaraf etish ustida ish olib boryapti.
Bruklinda to‘xtovsiz yomg‘ir tufayli ko‘chalarni suv bosib, transport tizimida jiddiy uzilish yuzaga keldi. Rasmiylar ayrim magistral yo‘llarni vaqtincha yopishga majbur bo‘ldi. Hududda suv toshqini xavfidan ogohlantirish seshanba kuni ertalabgacha kuchda qolishi ma’lum qilindi.
Vaziyatga baho bergan Nyu-York gubernatori Keti Xokul tabiiy ofat kutilmaganda kelishi va inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, bunday holatlarga doim ham oldindan tayyorgarlik ko‘rishning imkoni yo‘qligiga e’tibor qaratgan.
Kvins tumanida kuchli dovul o‘nlab daraxtlarni qulatgan. Mahalliy aholi jiddiy suv toshqinidan omon chiqqan bo‘lsa-da, ayni payt ko‘cha va uylar atrofini vayronadan tozalash ishlari bilan band.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA