Nurxon Elmirzayevaning she’riy to‘plami taqdimoti bo‘ldi
Joriy yilning 27-mart kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida taniqli jurnalist, mohir publitsist va iste’dodli shoira Nurxon Elmirzayevaning “KO‘NGIL TOVUSHLARI” she’riy to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. SHUHRAT ORIF kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, muallifni
va barcha she’riyat ixlosmandlarini navbatdagi ijodiy tuhfa bilan chin qalbdan tabrikladi.
“Qanot” loyihasi doirasida “Yangi kitob” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur to‘plam ijodkorning ilk kitobi ekani bilan ayniqsa ahamiyatlidir.
500 ga yaqin she’rlarni o‘z ichiga jamlagan salmoqli va mundarijasi ko‘lamdor nashr Vatan cog‘inchi, ota-onaning shaxs barkamolligidagi o‘rni, fasllar ranglari, musofir iztiroblari, diydorlik saodati, ustozlar izzati, mehr-oqibat kabi har bir uyg‘oq qalbli insonni qiynaydigan abadiy tuyg‘ularni teran ifodalaydi.
Har bir she’ri muallifning olam o‘zra tuganmas hayratlari, o‘tinchi, tazarrusi, vijdon ovozi va cheksiz sog‘inchlarining, betakror ona tabiatning go‘zal niliy tasvirlari, o‘z-o‘zini, ichki qalb dunyosini, ruhiy evrilishlarni to‘xtovsiz tadqiq etayotgan ayolning yuksak tafakkur xulosalaridir.
[gallery-28386]
Taqdimotda ishtirok etgan olim va yozuvchilar, ijodkorlar kitobning ahamiyati va badiiy qiymati, yutuq va kamchiliklari xususida o‘zlarining ilmiy va badiiy fikr-muloazalarini ifoda etishdi.
– She’riyat, bu – qalbning qudratli tili, ozod ruhning baralla ovozidir. U tasavvurlardan emas, qalbda qaynab, so‘ng toshgan tuyg‘ulardan tug‘iladi. Nurxonning she’rlarini o‘qir ekansiz, qorong‘i kulbangizni ohista yoritib tonggi quyosh nuri ko‘nglingizni ilitib kelayotgandek tuyuladi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira HAFIZA EGAMBERDIEVA. – Bu nur qotmoqqa shaylangan ko‘ngilni asta yumshatib, bekinmoq istagan go‘zal tuyg‘ularni tashqariga haydaydi.
– Iste’dodli jurnalist Nurxon Elmirzayeva she’riyati bilan oshno bo‘lganlar bashariyat dardi bilan dardlangan, borliqqa mehri payvand bir ko‘ngilga maftun bo‘ladilar, - deydi filologiya fanlari doktori, professor NURBOY JABBOROV. – Uning ijodini gazetalarda, ijtimoiy tarmoqlarda salkam chorak asrdan buyon kuzatib kelaman. Ijodidagi samimiyat, beg‘ubor kechinmalar qo‘lingizdan tutib olis qishloqqa, bolalik yillariga, ota-ona va jigarlar bilan bog‘langan mustahkam, o‘zbekona rishtalarga, tikanlari goho qo‘lni tilguvchi, ammo jozibador gulzorlarga, muhabbat atalmish qadim tuyg‘u qirlariga, armon to‘la tog‘larga boshlaydi. Aminmanki, to‘xtovsiz izlanishlari orqali shoira juda katta poetik salohiyatini kelgusida to‘liq namoyon etadi.
– Nurxonning ijodiy iqlimida tabiatga vobastalik bor: uning dunyosida yomg‘irlar kuychi, gullar hislarning soqchisi, oftob tabassumlar sababi, barcha nabotot olami tuyg‘ular tarjimoni, – deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, shoira SITORABONU HOSHIM QIZI. – Uning dunyoqarashida ko‘ngil pokligi, nafosatga o‘chlik, latiflikni shaffof tushunish borki, bu o‘qirmanning tuyg‘ularini taroshlaydi, hissiyotlariga sayqal beradi. Shu zayl uning she’riyatida kuylangan hissiyotlar oshig‘iga aylanasiz, shoirani qiynagan o‘ylarga darddosh bo‘lasiz, ezgu tuyg‘ular yuragingizdan mustahkam joy egallaydi. Tom ma’noda ko‘ngilning asriy saslari-tovushlari bo‘lgan ushbu o‘lmas bitiklari sevgan ko‘ngillarga diydor, dilporalarga malham va sohir so‘z shaydolariga taskin bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Ma’lumot uchun: Nurxon Elmirzayeva 1981-yil 29-martda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. 1999-2025-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (magistr). Turli yillarda “Fidokor”, “Oila va jamiyat”, “Adolat”, “Kuch – adolatda” gazetalarida samarali faoliyat yuritgan. Hozirda “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi mas’ul muharriri. Uning she’rlari qozoq, qoraqalpoq, ozarbayjon, turk va rus tillariga tarjima qilingan.