“Nurotatumangaz”da kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Mamlakatimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash hamda kommunal xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bu jarayonda hududlardagi gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan infratuzilmani yangilash va tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, “Nurotatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari izchil olib borilmoqda. Bu ishlar aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Tayyorgarlik doirasida 1 kilometr gaz quvuri rekonstruksiya qilindi, 25 ta gaz taqsimlash qurilmasi taftishdan o‘tkazildi. Shuningdek, 5 kilometr yer osti gaz quvurlari maxsus priborlar yordamida tekshirilib, 6 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirildi.

Sohada amalga oshirilayotgan muhim islohotlardan yana biri - aholi xonadonlarini uch bosqichli gaz ta’minoti tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ishlaridir. Joriy yilda tumanda 718 ta xonadonni mazkur tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 552 ta xonadonda bu ishlar amalga oshirildi. Bu esa gaz bosimini barqarorlashtirish, tizim samaradorligini oshirish va iste’molchilarga qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, mahallalarda elektron gaz hisoblagichlariga regulyatorlar o‘rnatish ishlari ham jadal davom etmoqda.
Eng muhimi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan har bir tadbir, avvalo, iste’molchilar manfaatini ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri