Nuroniylar va chempionlar uchrashuvi
Butun mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamda o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari navqiron avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi "Nuroniylar maskani" da bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’rifiy tadbirida nuroniy otaxon va onaxonlar, sport musobaqalarida g‘oliblik shoxsupasini egallagan yoshlar va ularning murabbiylari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, Olimpiada g‘oliblari ishtirok etdi.
Tadbirda yoshi ulug‘larning ibratli hayot yo‘li, ilmda, mehnatda erishgan yutuqlari sarhisob qilinib, keyingi paytlarda, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar alohida qayd etildi. Yoshlarning har sohada izdosh, davomchilar ekanligi alohida ta’kidlandi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv bir piyola choy ustida davom etdi.
Kunning ikkinchi yarmida tadbir ishtirokchilari viloyatdagi harbiy qismga tashrif buyurdi. Tadbirda harbiy xizmatda vafot etgan askarlarning ota-onalari ham ishtirok etib, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvining qimmatbaho sovg‘alari, tashakkurnoma va diplomlari bilan taqdirlandi. Tadbirga harbiy san’atkorlar tamonidan yangragan kuy va qo‘shiqlar o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tadbirda "Nuroniy" jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev hamda "Nuroniy" jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov so‘zga chiqdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA muxbiri