Nuroniylar maqom va milliy qo‘shiqchilikda mahorat ko‘rsatdi
Mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilayotgan “Nuroniylar kuylaganda” ko‘rik-tanlovi keksa avlod vakillarining san’atga bo‘lgan mehrini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etishda keng imkoniyat yaratmoqda.
Maqom, folklor va milliy xalq qo‘shiqlari inson qalbiga yo‘l topadigan, avlodlarni birlashtiradigan bebaho ma’naviy merosdir. Ayniqsa, nuroniylar ijrosidagi dilbar qo‘shiqlarda hayot tajribasi, ezgulik va milliy qadriyatlar mujassam.

Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan viloyat hokimligi va viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur tanlovning Namangan viloyati bosqichida hududlardan saralangan 28 nafar nuroniy o‘zining betakror ijrosi, samimiy ovozi bilan yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbirning tantanali ochilishida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisining muovini Abdurashid Boltaboyev nuroniylarning jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissalari, katta avlod egalarining boy hayotiy tajribasi, ayniqsa, bu kabi tanlovlardagi ishtiroki milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va uni yosh avlodga yetkazishga xizmat qilayotganini ta’kidlashdi.


Milliy musiqa san’atiga bo‘lgan yuksak ehtirom namoyon bo‘lgan tanlovda 60 yoshdan oshgan erkak hamda 55 yoshdan oshgan ayol ishtirokchilarning maqom va qo‘shiqchilik yo‘nalishlaridagi chiqishlari viloyatdagi madaniyat hamda san’at muassasalarining malakali mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan kuzatib borildi.


Har bir qatnashchi o‘zini tanishtirish, maqom yoki milliy qo‘shiq ijrosi hamda folklor yo‘nalishida erkin chiqish shartlari bo‘yicha hakamlar hay’ati oldida mahoratini namoyish qilgani qarsaklar bilan olqishlandi. Darhaqiqat, tanlov nafaqat san’at bayrami, balki milliy qadriyatlar, “Ustoz-shogird” an’analari hamda avlodlar vorisligini o‘zida ifoda etgan ma’naviyat va ma’rifat tantanasi bo‘ldi.

Havasmand san’atkor nuroniylarimizni munosib baholashda ovoz imkoniyati, ijro mahorati, sahna madaniyati va milliy an’analarga sodiqlik alohida inobatga olindi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, maqom yo‘nalishida To‘raqo‘rg‘on tumanidan qishloq xo‘jaligi faxriysi Mahmudjon Kenjayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni mingbuloqlik Sherali To‘ychiyev egalladi. Uchinchi o‘rin Namangan shahri vakili Jaloliddin Kamolovga nasib qildi.

Milliy qo‘shiqchilik borasida bor iste’dodini namoyon qilgan Mirzarahmat Nozimov birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. To‘raqo‘rg‘onlik Abdumutal Akramov ikkinchi o‘rinni band etdi. Pop tumanidan Muhammadali Mamatxo‘jayev uchinchi pog‘onadan joy oldi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar “Nuroniylar kuylaganda” ko‘rik-tanlovining respublika final bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida g‘oliblar va barcha faol ishtirokchilarga tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA