Nurmuhammad ustoziga «Aqlli ko‘z» yaratdi
Buxoro shahridagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Nurmuhammad Merojov ko‘zi ojiz o‘qituvchisi uchun «Aqlli ko‘z» loyihasini yaratdi. Natijada Nurmuhammad «Yangi O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari qatoridan joy oldi.
– Bu g‘oyaning tug‘ilishiga adabiyot o‘qituvchimiz sabab bo‘lgan, – deydi Nurmuhammad. – Robototexnika yo‘nalishida o‘z ustimda ishlayotganim, mashg‘ulotlarda qatnashayotganimni eshitib, «qani endi menga shunday ko‘zoynak yaratsang, u yo‘llardan, to‘siqli joylardan hech qiynalmay o‘tish imkoniyatini bersa», degan edilar.

Buni bir necha kun o‘ylab yurdim. Lekin «Aqlli ko‘z»ni yaratish uchun uncha ko‘p vaqt ketmadi. Bir hafta ichida adabiyot o‘qituvchimni xursand qiladigan ko‘zoynakning dastlabki ko‘rinishini yaratdim. Bu ko‘zoynak yurganda, to‘siqlardan avtomatik tarzda maxsus signal orqali ogohlantiradi. Keyinchalik bu loyihani mukammallashtirdim.
Ustozlari Navro‘z Ergashev hamda maktabdagi informatika fani o‘qituvchisi Zarina Umarovadan o‘z qiziqishlari asosida saboq olib kelayotgan izlanuvchan va tirishqoq Nurmuhammad ayni paytga qadar 10 dan ortiq loyihalar yaratdi. Ko‘plab tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA