Nurafshonda istiqlol bayrami shukuhi
Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yurtimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram marosimi o‘tkazildi.
Bu yilgi bayram yurtimiz bo‘ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida viloyatimizning shahar va qishloqlarida, mahalla va guzarlarida keng nishonlanmoqda. Bunday ko‘tarinki ruhda nishonlashning sababi esa, Prezidentimizning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan asrlarga tatigulik o‘zgarishlar, yangilanish va yuksalishlar butun xalqimizga bayram kayfiyatini berganligi ham ayni haqiqat.
Xususan, katta amfiteatrga viloyatning turli sohalarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, nuroniylar, yoshlar, ziyolilar, tadbirkorlar, mehnat jamoalari vakillari, tuman va shahar faollari, san’at ahli hamda aziz mehmonlar jam bo‘ldi. Atrof bayramona bezatilgan, rang-barang bezaklar, dillardagi yurtga muhabbat va istiqlol iftixori, har bir chehradagi quvonch va hayajon bugungi ayyomga o‘ziga xos fayz bag‘ishlamoqda.

Tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Ta’kidlanganidek, hozir Yangi O‘zbekiston islohotlarining markazida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya barqaror ekanligiga har jabhada guvoh bo‘lmoqdamiz.
Joriy yil hududda 48 mingta ehtiyojmand oilaga 32 milliard so‘m moddiy yordam, ijtimoiy reyestrdagi 40 mingta oilaga 167 milliard so‘m nafaqa to‘lovlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 1 ming 282 nafar bemorda davlat hisobidan murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, 220 dan ortiq ehtiyojmand oilalarning xonadonlari ta’mirlandi.

So‘nggi 5 yilda 16 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Yillik eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlashdi.
Ayni paytda viloyatda 54 mingdan ziyod kichik biznes sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Yalpi hududiy mahsulotning hajmi 180 trillion so‘mdan oshdi, uning tarkibida kichik biznesning ulushi 2021-yildagi 48 foizdan 55 foizga yetdi. Joriy yilning o‘zida 5 ming 300 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 452 ming nafar aholi ishli bo‘ldi.

– Kecha biz xorijdan sarmoya kutgan bo‘lsak, bugun tadbirkorlarimiz chet davlatlarga sarmoya kiritishmoqda, – deydi Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev. – Xususan, 20 nafar tadbirkorimiz Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, AQSH va Birlashgan Arab Amirliklarida umumiy qiymati 184 million dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu yil birinchi marta 5 ta manzilda “Yangi O‘zbekiston massivi” va renovatsiya dasturlari doirasida qurilayotgan 10 ming xonadonli 133 ta ko‘p qavatli uylardan hozirgacha 8 mingtasi o‘z egalariga topshirildi. Tarixda birinchi bor yuzlab fermerlarimiz paxta hosildorligini 60 sentnerdan, g‘alla hosildorligini 100 sentnerdan oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Toshkent viloyati — ko‘p millatli, mehnatkash va bag‘rikeng insonlar yashaydigan muqaddas zamin. Ana shu birdamlik va ahillikni, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylash har birimizning burchimizdir.
Shuningdek, Nurafshon shahrining esa viloyatning zamonaviy taraqqiyot markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilar ekan, yosh avlodni mustahkam bilim va zamonaviy kasblarni egallashga, xorijiy tillarni o‘rganishga, tadbirkorlikka intilishga, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga da’vat etildi.

Shundan so‘ng bayram sahnasida Vatan va istiqlolni ulug‘lovchi rang-barang konsert dasturi namoyish etildi. “Bobolar”, “Yagona Vatan” kabi kompozitsiyalar, bolalar raqs maktabi tarbiyalanuvchilarining chiqishlari, milliy sozlar sadosi, maqom san’atining betakror namunalari, estrada xonandalarining ijrolari hamda she’r va raqslar bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toyir “Nurafshonning favvoralari” she’rini o‘qib berdi. Shundan so‘ng shaharning muhtasham favvoralari raqsi namoyish etildi. Bayram dasturida sportchilarning kuch, chaqqonlik va yuksak mahoratini namoyon etgan chiqishlari, harbiylar ishtirokidagi maxsus kompozitsiyalar ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Milliy san’at va zamonaviy sahna chiqishlari uyg‘unligida kechgan tantanada Nurafshon ahlining shodon kayfiyati, dillardagi istiqlol shukronasi va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tadbirning eng yorqin lahzalaridan biri osmonda namoyish etilgan dronlar shousi bo‘ldi. Rang-barang shu’lalar, zamonaviy yorug‘lik kompozitsiyalari bayram ishtirokchilariga unutilmas taassurot bag‘ishladi.

Tantana yakunidagi mushakbozlik esa xalqimizning ezgu orzu-niyatlari, ertangi kunga ishonchi va yurt kelajagiga bo‘lgan yuksak umidlarining yorqin timsoliga aylandi. Shu tariqa, Nurafshondagi mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantana Vatan madhi, milliy san’at, zamonaviy sahna namoyishlari va xalqimizning birdamligi mujassam bo‘lgan unutilmas bayram kechasi sifatida yodda qoldi.
A.Musayev,O‘zA