Nukusdagi markazda ilk bitiruv marosimi o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida ilk bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 25 yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, shu yilning aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati va hududiy harbiy-ma’muriy sektori tomonidan Nukus shahridagi Transport kolleji negizida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi nazorati ostida Nukus qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Bitiruv marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari Nurullan Yerlepesov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ta’kidlaganidek, bugun xorijiy mamlakatlar, shu o‘rinda yurtimizda jadal olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari o‘z o‘rnida ham tashqi, ham ichki mehnat bozorlarida qurilish sohasining malakali mutaxassislariga talabni oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi bandligini ta’minlash, talab oshayotgan sohaga o‘z kasbining mohir mutaxassislarini tayyorlash tizimini tubdan yaxshilashni taqozo etmoqda.
Barcha talablariga javob beradigan mazkur markazda yaratilgan qulay shart-sharoitlar kasb tanlash uchun bel bog‘lagan fuqarolarning malaka va tajriba orttirishida muhim maskanga aylanishi, natijada aholi bandligi sezilarli darajada oshishi mumkin.
Muassasada temir-beton ishlari ustasi, g‘isht teruvchi, elektro-gaz payvandchi, duradgor, suvoqchi, bo‘yoqchi-bezakchi, santexnika ishlari ustasi, elektro-montajchi, ko‘tarma kran boshqaruvchisining yordamchisi, qoplovchi-plitkachi, po‘lat va temir beton konstruksiyalar montajchisi, gipsokarton montajchisi, kran mashinisti kabi mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim-tarbiya beriladi.
Marosimda 3 oylik kurslarni birinchi bo‘lib tamomlagan 251 nafar fuqaroga mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro darajadagi sertifikat tantanali topshirildi. Shuningdek, ta’lim jarayonida tirishqoqligi, namunali xulqi, shaxsiy mas’uliyati uchun bir guruh o‘quvchi va o‘qituvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Markazda tahsil olayotgan fuqarolar uchun qurilish sohasi yo‘nalishlari bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi bilan bir qatorda xorijiy tillar hamda borishi rejalashtirilayotgan davlatning tarixi, an’analari, urf-odatlari va qonunchiligi bo‘yicha dastlabki bilimlar berilib, kasb-hunarga o‘rgatiladi. Bu yerda o‘qitilayotgan vatandoshlarimizda milliy madaniyatimiz va tarixiy qadriyatlarimizga hurmat ruhini yanada yuksaltirish, ular ongiga vatanparvarlik tuyg‘usi, Vatanga muhabbat va mehnatga mas’uliyat bilan yondashishni chuqur singdirish ta’lim tizimining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi. Rivojlanib borayotgan qurilish sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlashni o‘rgatish maqsadida ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarni, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini keng joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz uchun ajratilgan ijtimoiy ob’ektlarda kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari natijasida zamonaviy andozalarga asoslangan 14 ta o‘quv va amaliyot xonasi, 300 o‘rinli ikkita yotoqxona, shinam va ko‘rkam oshxona, ma’naviyat va ma’rifat markazi, kutubxona hamda sport zali barpo etildi. Muhandislik tarmoqlarini ta’mirlashga ixtisoslashgan amaliy mashg‘ulotlar ustaxonasi har bir mutaxassislik bo‘yicha alohida jihozlar, zarur dastgoh va o‘quv buyumlari bilan jihozlandi. Tahsil oluvchilar olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashlari uchun 3 gektardan iborat bo‘lgan o‘quv poligoni uchun yer maydoni berilgan.
Muassasaning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan o‘quv jarayonlarida foydalanish uchun zamonaviy, so‘nggi rusumdagi 5 dona avtobus, avtokran, samosval, ekskavator, yuklovchi kabi maxsus texnikalar va avtotransport vositalari, ko‘tarish kranlari va o‘quv trenajyorlari ajratilgan. Qurilish sohasidagi kasblar bo‘yicha o‘qitish World Skills kabi xalqaro standartlarga muvofiq hamda potensial xorijiy ish beruvchilarning talablarini hisobga olgan holda, xorijiy, ya’ni rus va boshqa tillar bo‘yicha o‘qitish yetakchi mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi. Bu, o‘z navbatida, bitiruvchilarga mutaxassisligi bo‘yicha jahonning eng ilg‘or va yetakchi ishlab chiqarish korxonalari hamda xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida faoliyatlarini davom ettirish imkonini beradi.
Dargohda 13 ta yo‘nalishda ta’lim olayotgan fuqarolarning ijtimoiy himoyasi ham davlatimiz e’tiboridan chetda qolmagan. Zero, markaz o‘quvchilari bepul maxsus kiyim-kechak mahsulotlari bilan ta’minlanib, uch mahal ovqatlanishi tashkil etilmoqda. Qolaversa, har oyda o‘quvchilarga davlatimiz tomonidan 560 ming so‘m stipendiya to‘lanmoqda.
Tadbir so‘ngida Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.
[gallery-2979]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA