Nukusda yirik gastronomik festival o‘tkazilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Qoraqalpoq etno ovuli” turistik majmuasida “QR Gastronomic Quality – 2026” gastronomik festivali o‘tkazilmoqda.
Festival O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondining ijtimoiy buyurtmasi asosida moliyalashtirilib, “DMO Qoraqalpog‘iston” (Destination Management Organization of Karakalpakstan) jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “QR Gastronomic Quality” loyihasining yakuni bo‘lib hisoblanadi.
Loyihaning asosiy maqsadi – Qoraqalpog‘istonning umumiy ovqatlanish biznesi sohasini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, gastronomiyani mintaqaning muhim turistik brendlaridan biriga aylantirish va zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etishdan iborat.
Festival dasturida restoranlar, kafelar va gastronomik brendlar taqdimoti, turli xalqlarning milliy taomlari ko‘rgazmasi, Qoraqalpog‘istonning betakror taomlari bo‘yicha oshpazlar musobaqasi, gastronomik defile, bayram konsert dasturi, tashrif buyurgan aholi o‘rtasida tanlovlar, viktorinalar, taom tayyorlash bo‘yicha mahorat-darslari va qiziqarli uchrashuvlar o‘rin olgan.

Festivalning asosiy voqeasi – Qoraqalpog‘istonning restoranlari, kafelari va choyxonalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “QR Gastronomic Quality – 2026” tanlovi hisoblanadi. Eng yaxshi umumiy ovqatlanish joylari o‘zlarining xizmat ko‘rsatish sifatini ko‘rsatadi va hududning eng yaxshi ishtirokchisi unvoni uchun bahslashadi.
Mazkur tadbirning o‘tkazilishi mahalliy gastronomik xizmatlar darajasini yaxshilashga va shu orqali Qoraqalpog‘istonning turistik yo‘nalish sifatidagi jozibadorligini oshirishga, eng muhimi kelajakda hududni gastronomik sayyohlik markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.