“Novichok” Ustyurtda sinovdan oʻtkazilgan…mi?
Bugun, 29-aprel – Kimyoviy qurollar toʻgʻrisidagi Konvensiyaning kuchga kirgan sanasi.
Bugun, 29-aprel – Kimyoviy qurollar toʻgʻrisidagi Konvensiyaning kuchga kirgan sanasi. Hujjat 1997-yildan amal qilib kelmoqda. Uni deyarli dunyoning barcha davlatlari ratifikatsiya qilgan. Kimyoviy qurollar toʻgʻrisidagi konvensiya – bu kimyoviy qurol ishlab chiqarish, zaxiralash va ishlatishni taqiqlovchi qurol nazorati toʻgʻrisidagi bitim. Uning toʻliq nomi – kimyoviy qurol ishlab chiqishni, ishlab chiqarishni, zaxiralashni va ishlatishni taqiqlash va ularni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi konvensiya. Lekin, mazkur konvensiyaga amal qilish yuzasidan bahsli munozaralar hamon davom etmoqda.
2018-yilda dunyodagi eng shov-shuvli va mojaroli voqealarning biri Buyuk Britaniyaning Solsberi shahridagi otayu qiz Skripallarning zaharlanishi boʻldi. Rasmiy London Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishida Moskvaning qoʻli borligini taʼkidlab, kimyoviy qurol toʻgʻrisidagi konvensiyani buzganlikda aybladi va uning ortidan qator gʻarb davlatlari Rossiyaga sanksiyalar joriy qildi, yaʼni 150 nafardan ortiq rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi, Rossiya ham xuddi shunday javob choralari qoʻlladi, munosabatlar esa ancha taranglashdi.
Rossiya rahbariyati kimyoviy qurollarni ishlab chiqarish 1990-yillarda toʻxtatilganini va 2017-yilda barcha kimyoviy qurollar yoʻq qilinganini taʼkidlab, London qoʻygan barcha ayblovlarni rad etib, dalillar yoʻqligini iddao qildi.
Skripallarning zaharlanishi boʻyicha birinchilardan boʻlib xabar tarqatgan Bi-bi-si ushbu zaharlovchi moddaning sobiq Ittifoqda ishlab chiqilgan harbiy asab-falajlash agenti – “Novichok” ekanligini taʼkidlab, uning Oʻzbekistonda, yaʼni Nukus (Ustyurt)da sinovdan oʻtkazilganiga urgʻu berdi. Dunyoning boshqa OAVlari ham shu faktga eʼtibor qaratdi va baʼzilari uni “Nukus zahari” yoki “oʻzbek zahari” deb atay boshladi.
Bu modda qayoqdan paydo boʻldi?
Bi-bi-si xabariga koʻra, “Novichok” SSSRda Organik kimyo va texnologiya davlat ittifoq ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. Ushbu zaharli moddalarni yaratish dasturi “Foliant” deb nomlangan.
Solsberidagi voqea boʻyicha surishtiruv yuritgan The Times nashri moddaning Saratov yaqinidagi Shixani shahrida joylashgan harbiy ilmiy-tadqiqot bazasida ishlab chiqarilganini maʼlum qildi.
“Novichok” toʻgʻrisida ilk maʼlumot 1992-yilda “Moskovskiy novosti” gazetasida “Zaharlangan siyosat“ deb nomlangan maqolada eʼlon qilindi. Maqola muallifi Organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti sobiq xodimi Vil Mirzayanov va Rossiya Fanlar akademiyasining Geokimyo va analitik kimyo instituti yetakchi ilmiy xodimi Lev Fedorov edi.
Shu maqoladan soʻng Mirzayanov davlat sirini fosh qilganlikda ayblangan, lekin keyinchalik olimlarning harakatida jinoyat alomatlari sezilmagandan keyin ish tugatilgan.
Mualliflarning ushbu maqolasida (“Moskovskiy novosti” gazetasi 1992-yil 20-sentyabr 38-son) xavfli qurolning Oʻzbekistonda, yaʼni Nukusga yaqin joyda Ustyurtda sinovdan oʻtkazilgani, sinov poligoni 1992-yilda faoliyatini toʻxtatgani aytiladi.
Rossiya tomoni Skripallarni zaharlagan moddaning aynan AQSHda ishlab chiqarilganini ham eʼlon qildi. Keyinchalik Chexiyada ham ushbu modda ishlab chiqilgani maʼlum boʻldi.
Moddaning xavflilik darajasi qanday?
Vil Mirzayanov va Lev Fedorovning “Moskovskiy novosti” gazetasidagi maqolasida taʼkidlanishicha, Organik kimyo va texnologiya davlat ittifoq ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan yangi zaharlovchi moddadan zaharlangan odam qaytib tuzalmaydi va bir umr nogiron boʻlib qoladi. Ushbu zaharlovchi modda asosida kimyoviy qurol ham yaratilgan. Qurolni yaratuvchilar esa yuqori darajada mukofotlangan.
“Zaharlanishning oqibatlari oʻnlab yillar davom etadi. Agar tanaga ozgina miqdorda modda kirsa ham, uning oqibatlari uzoq davom etadi“, deydi Mirzayanov Bi-bi-siga bergan intervyusida.
OAV maʼlumotlariga koʻra, “Novichok” bilan “Kruglыy stol biznesa Rossii” jamiyatlik birlashmasi asoschisi, yirik bankir Ivan Kivelidi ham raqiblari tomonidan zaharlanib oʻldirilgan. Buyuk Britaniyaning Eymsberi shahrida 2018-yil 8-iyulda vafot etgan Don Sterjessning oʻlimiga ham “Novichok” sababchi boʻlganligi aytiladi.
Solsberida GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashda qoʻllangan hamda atir idishida boʻlgan asab-falajlovchi modda miqdori 4 ming kishini oʻldirish uchun yetarli boʻlganligi dunyo OAVlarida keng yoritildi. Xavfsizlik sohasidagi manbalar moddaning 100 foiz “Novichok” boʻlganligini tasdiqladi. Uning tarkibi XX asr oʻrtalarida amiton asosida yaratilgan zaharlovchi moddalarga qaraganda 5-8-marta zaharliroqdir.
“Novichok” nega shunday nomlangan va u Ustyurtda sinovdan oʻtkazilgan...mi?
“Novichok” deb nomlanuvchi zaharlovchi moddaning nima uchun shunday atalgani toʻgʻrisida aniq maʼlumot yoʻq va uning Ustyurtda sinovdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida ham naqd dalil mavjud emas. Bu nom gʻarb OAVlaridan kirib kelganligi aytiladi. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi spikeri M.Zaxarova ham Rossiya 24 telekanaliga bergan intervyusida shuni tasdiqlagan. “Sobiq Ittifoq va Rossiya hududida va davrida ham “Novichok” deb toʻgʻri yoki kod bilan nomlanuvchi tadqiqotlar oʻtkazilmagan. U patentlanmagan, ramz, shifr yoki kod sifatida ishlatilmagan. Hech qachon SSSRda ham, Rossiyada ham “Novichok“ soʻzi kimyoviy elementlarning rivojlanishi nuqtayi nazaridan ishlatilmagan. Bu soʻz Gʻarbda kimyoviy elementlar va toksik taʼsir koʻrsatadigan materiallarga nisbatan nom sifatida ishlatilgan va qoʻllanilgan“ degan u. Uning fikricha, oʻtgan asrning 90-yillarida Rossiyadan koʻplab olimlar xorijga chiqib ketgan, nafaqat chiqib ketgan, balki oʻzlari bilan shugʻullangan texnologiyalarini ham olib ketgan hamda gʻarbdagi olimlar bilan yangi ishlanmalarini amalga oshirgan. Shunday ishlanmalarining birini “Novichok” deb atagan.
Modda Oʻzbekistonda, yaʼni Qoraqalpogʻistondagi Ustyurt sahrosida sinovdan oʻtkazilgan deb eʼlon qilingandan keyin xorijiy OAVlarda “Nukus zahari” yoki “oʻzbek zahari” deb qoʻllanilgan.
1984-1988-yillarda Nukusdagi harbiy qismlar majmuasining kimyoviy qurollardan himoyalanish vositalarini yaratish markazi (26382-sonli harbiy qism)da xizmat qilgan zahiradagi polkovnik Viktor Abramov ham 4 yarim yil kimyoviy qurollar sinovini oʻtkazishda ishtirok etganini taʼkidlab, biron marta boʻlsa ham “Novichok” soʻzini eshitmaganini maʼlum qiladi.
Biz u bilan elektron pochta orqali gaplashdik.
“Bizda bunday nom yoʻq edi. Kimyoviy qurollardagi barcha sinov retseptlari kodlangan, masalan “P-nn” deb qoʻllanardi, bu yerda “nn” – retsept raqamini anglatadi” – deydi u.
Baʼzi xorijiy OAVlar modda Qoraqalpogʻistondan olib kelingan deb toʻqidi.
Qoraqalpoq davlat universiteti professori, biologiya fanlari doktori Gaffar Asenov esa Buyuk Britaniyadagi asab bilan zaharlanish mojarosiga javoban, moddaning Qoraqalpogʻistondan boʻlishi mumkin emasligini aytdi.
90 yoshdan oshgan G.Asenov butun umri davomida Orolboʻyi hududini tadqiq qilib kelgan.
- 1992-yilda, taxminan yarim yil davomida, boshqa mutaxassislar qatori, men ham Oroldagi poligonni zararsizlantirishda bevosita ishtirok etdim. Aytishim kerak, biz hech qanday konteyner yoki ularning izlarini topmadik. Bugungi kunga qadar biz nafaqat laboratoriyalar joylashgan joylardan, balki boshqalardan ham sinovlarni oʻtkazmoqdamiz, bunda brutsellyoz, vabo va kuydirgi shtammlari mavjudligiga alohida eʼtibor berilmoqda. Biz ularni topa olmadik, — deb keltiradi olimning soʻzlarini centre1.com sayti.
G.Asenov ushbu maʼlumotlarni bizga ham tasdiqladi.
- Ustyurtdagi poligonda “Novichok” sinovdan oʻtkazilganini men eshitmaganman va u yer hozir havfdan holi, — deydi u.
Ustyurtdagi kimyoviy qurollarni sinovi qanday kechgan?
Vil Mirzayanov “Novichok”ni Nukusning qoshidagi Ustyurtda sinovdan oʻtkazilgan deydi. Aslida Ustyurtdagi poligon Nukusga kamida 400 km. olisda. U joyga shaxsan oʻzim ikki marotaba borib koʻrdim. Eski texnikalar, mashina, hattoki samolyot qoldiqlari ham turgan edi. U joyni Ustyurt aholisi “taqiqlangan zona” yoki “40x40” (qirqqa qirq) deb nomlashadi. Shuning oʻzidan maʼlumki, poligon zonasi 40x40 km.ni qamrab olgan. Har bir kilometrda 5-6 metr keladigan tosh ustunlar turibdi. Jasliq qishlogʻidan poligon zonasigacha beton yoʻl yotqizilgan. Odamlar uning armaturasini olish uchun sindirishgan. Bir vaqtlari tashlab ketilgan koʻmirlarni hamon odamlar tashiyotgan shekilli, har joyda xaltalarga solingan koʻmirlarni koʻrdik. Shaxsan oʻzim pulemyotning stvolini, patron qoldiqlarini va shohlari kesilgan saygʻoq kallalarini koʻrdim.
Hozir bu joy “Saygachiy” majmua landshaft qoʻriqxonasi hududi sanaladi. Hududga kirish 2015-yildan taqiqlangan.
Oʻtgan asrning 80-yillarda ushbu joyda, yaʼni Ustyurtning janubi-sharqiy qismida (Jasliq qishlogʻi yaqinida) kimyoviy qurollar va ularga qarshi himoya vositalarini sinash uchun moʻljallangan “Sakkizinchi kimyoviy mudofaa stansiyasi“ harbiy oʻquv poligoni tashkil qilingan. Bu yerda avval biologik qurollar sinalgan. Keyin biologik qurollar sinovi Orol dengizining oʻrtasidagi Vozrojdeniye oroliga koʻchgan va oʻrni kimyoviy qurollar sinaladigan poligonga aylantirilgan.
Poligondagi ishlar Nukusdagi harbiy qismlar majmuasi – “23 Gosudarstvennыy nauchno-issledovatelskiy poligon (23 GNIP)” tomonidan boshqarildi. GNIPni “8 Sentr po obucheniyu voysk zaщite ot zajigatelnogo orujiya veroyatnogo protivnika” (8 SOVZZOVP) deb ham nomlangan.
SSSR tarqab, Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini olgandan keyin poligon faoliyati tugatildi. Harbiylar Rossiyaga olib ketildi. Nukusdagi harbiy qismlar majmuasi oʻrnida Oʻzbekiston harbiy kuchlari faoliyat boshladi.
GNIP ikkita harbiy qismlardan – kimyoviy sinov polki (44105-harbiy qism) va kimyoviy qurollardan himoyalanish vositalarini yaratish markazi (26382-sonli harbiy qism)dan tashkil topgan edi.
Ustyurtdagi poligonda, 26382-sonli harbiy qismda xizmat koʻrsatgan Viktor Abramov chitalnaya.ru saytida oʻz memuarlarini joylashtirdi. “Nukus. Saygaki” povestida aynan Ustyurtdagi kimyoviy qurollarni sinovdan oʻtkazadigan harbiy poligonda 4 yarim yillik harbiy xizmati mobaynida 3 marotaba boʻlganini va koʻrgan-bilganlarini yozgan.
Unga koʻra, sinov maydoni “B” deb nomlangan. “A” maydoni esa Nukusdagi harbiy qism. “V” esa Orol dengizining gʻarbiy qismi Ustyurt chinki etagidagi harbiylarning yashaydigan bazasi.
“Oʻtloq maydonning shamol tomonida maxsus uskunalarga oʻrnatilgan snaryadlar portlatildi. Portlash paytida undan zaharlovchi modda sochilar edi va osmonda zaharlangan bulut hosil boʻlib, shamol boʻylab tarqalar edi. Baʼzida snaryadlar uskunalardan portlatilmagan, balki miltiqlardan, gaubitsalardan va minometlardan otishma boʻlgan.
Buning uchun Jasliqqa temir yoʻl orqali eshelonda qayerdandir artilleriya vzvodi kelib, pozitsiyalarga joylashib, poligon maydoni tomondagi nishonlarga otar edi.
Kimyoviy qurol samolyot orqali sochildi. Samolyotdan sochilganda osmonda kamalakli ajoyib bulut hosil boʻlar edi, lekin bu koʻrinishi ajoyib boʻlgani bilan oʻta havfli zahar edi.
Bir yili qish ertaroq keldi. Biz odatda kun sovuq boʻlgandan darhol amaliyotni toʻxtatar edik. Sababi, shimoldan minglab saygʻoqlar toʻdasi kelar edi. Saygʻoqlar kelishidan bir necha kun avval sinovni toʻxtatmasak, ular zahardan qirilib ketishi mumkin va shunday ham boʻldi. Sovuq erta tushib, saygʻoqlar biz kutgandan ertaroq kelib qoldi. Hali poligon maydonida zahar ketmagan edi va oqibatida yuzlab saygʻoqlar nobud boʻldi. Saygʻoqlarni zonadan tashqarida oʻra qazib koʻmib tashladik” — deb eslaydi V.Abramov.
Uning taʼkidlashicha, zahar nari borsa 10 kungacha xavfli boʻladi, keyin zaharsizlanadi. Koʻmilgan saygʻoqlar boʻyicha ham shuni aytish mumkin. Amaliyot paytida hududning barcha tomoni jiddiy nazorat ostiga olingan, sababi biron odam yoki jonzot yaqinlashgudek boʻlsa, shu joyda oʻlib ketishi aniq.
V.Abramov “V” maydoni toʻgʻrisida ham toʻxtaladi. “V” maydoni – lager bazasi hisoblanadi. Dengizning yoqasi. Barcha kerakli oziq-ovqat va qurollar shu yerga yetkazildi. Harbiylar shu yerdan poligon maydoniga qatnadi. “V” maydonida buloq bor edi, suvi tuzliroq. Lekin, ichsa boʻladi. Mabodo suv tugab qolgudek boʻlsa shu buloqning suvidan ichdik. Buloqdan kuniga 10-11 kub suv olinar edi. Saygʻoqlar ham shu buloqdan suv ichardi, deb eslaydi u.
Aytilayotgan manzilga biz ham borib koʻrdik. Platodan pastga tushadigan beton yoʻl bor. Hanuzgacha harbiy qismga oid binolar saqlanib qolgan. Negadir platoning chinki portlatilgan.
Ayni paytda mazkur hudud “Saygachiy” majmua landshafti qoʻriqxonasiga tegishli. Hududga kirish taqiqlangan. Lekin, xorijdan kelgan sayyohlar borib turishadi.
Bizningcha, shunday joylarni sayyohlik maqsadida ham targʻib qilgan maʼqul. Chunki, bu joylarda sovuq urush davridagi eng qoʻrqinchli qurollar sinovdan oʻtkazilgan. Ustyurtning eng chiroyli kanyonlari ham shu tomonlarda. Yana miloddan avvalgi V-IV asrlardan tortib, oʻtgan asrning 90 yillarigacha boʻlgan juda qiziqarli tarixiy obyektlarni uchratish mumkin.