Norin Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanga aylanmoqda
Prezidentimizning 2025-yil 8-oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ga ega 33 ta namunaviy tuman va shahar infratuzilma, biznes imkoniyatlari va yashil maydonlar bilan rivojlantiriladi.
Xususan, Namangan viloyatining Norin tumanini ham aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun namunali hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.
“Hududgazta’minot” aksidorlik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan amaliy seminar Norin tumanida suyultirilgan gaz ta’minotini takomillashtirish, mavjud tajribani o‘rganish va uni boshqa hududlarda joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Unda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ma’rufxon Xo‘jayev hamda soha mutasaddilari, "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimlari hamda “dual ta’lim” yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Seminar davomida jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, xususan, “Face ID” tizimining joriy etilishi, uning natijasida shaffoflik ta’minlanib, korrupsion holatlarning oldi olinayotgani alohida ta’kidlandi.
Ma’lumki, mamlakatimiz rahbari 2025-yil sentabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi sobiq Sho‘rariq, ya’ni Yangi Namangan mahallasida bo‘lib, bu hududning bugungi Yangi O‘zbekistonga hamohang bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan edi.

Jamiyat yetakchisi ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lib, joriy etilgan ilg‘or tajriba bilan yaqindan tanishish maqsadida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. U Norin tajribasi o‘zining amaliy samaradorligini ko‘rsatayotgani, uni boshqa hududlarda ham keng joriy etish lozimligini qayd etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA