Noqonuniy yer savdosi oldi olindi
Yer – davlat mulki. Undan foydalanish, xususiylashtirishning o‘ziga yarasha tartib-taomillari bor. Hech bir shaxs, u rahbarmi yoki oddiy fuqaromi, yer olib berish yoki sotish vakolatiga ega emas.
Firibgarlik yoki aldov bilan boshqalarning ishonchiga kirib, bunday ishga qo‘l urishning oqibati esa yaxshilikka olib bormaydi. Kattaqo‘rg‘on tumani Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro Sh.H. ham endi bu haqiqatni anglab yetgan bo‘lsa, ajabmas. U fuqaro Sh.J.ga hech qanday hujjatsiz va hech kimga tegishli bo‘lmagan 1 gektar yer maydonini 150 ming AQSH dollariga sotmoqchi ekanligi va ushbu yer maydonining tegishli hujjatlarini 9 ming AQSH dollari evaziga Davlat kadastrlar palatasi Kattaqo‘rg‘on tumani filialida ishlovchi tanishi orqali rasmiylashtirib berishini aytib, bu “xizmatlari" 159 ming AQSH dollariga tushishini ma’lum qiladi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sh.H. fuqaro Sh.J.dan oldindan kelishilgan 159 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Shunday holat Paxtachi tumanida ham kuzatilib, fuqaro J.R. onasi O.R. foydalanuvida bo‘lgan, fermer xo‘jaligiga qarashli qariyb 10 gektar yer maydonini mahalliy fuqaro A.T.ga 900 million so‘mga sotishga kelishib, oldindan 13 ming AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.R. kelishilgan pulning 13 ming AQSH dollarini oldindan olayotgan vaqtida ushlandi.
Ikkala holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
G‘.HASANOV, O‘zA