Noqonuniy holatlar fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qorako‘l tuman bo‘limi tomonidan “Buxoro suv ta’minot” AJ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda tumandagi “D.G.” MCHJga qarashli savdo kompleksi hamda “E.b.” NTM mas’ul shaxslari o‘zboshimchalik bilan ichimlik suvi tarmog‘iga ulanib, jami 1,2 milliard so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Jomboy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Y.b.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari 2 dona suv nasosini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, jami 229,4 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro U.D. “Shodlik” MFY hududidagi go‘sht do‘konini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 118 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Xonqa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “T.H.” MCHJ rahbari T.I. tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 114,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri