Nodir tanga va taqinchoqlar bojxonada ushlab qolindi
Surxondaryo viloyatidagi “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali xorijga otlangan yo‘lovchilar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilayotganida ulardan birining qo‘l yuklari orasidan noyob taqinchoqlar topildi.
Yo‘lovchi bojxona xodimining so‘roviga ma’lum qilmay yashirincha olib o‘tishga uringan ikki dona qadimiy kumush uzuk, ikki dona old va orqa tomonlarida turli shakllar aks etgan tanga hamda 22 ta aralash shakllardagi elementlardan iborat bilak taqinchoqlari bilan qo‘lga tushdi.


Nodir boyliklarning tarixiy va madaniy ahamiyatini aniqlash uchun tayinlangan badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bojxonachilar ushlab qolgan tangalar Eron va Afg‘oniston hududlariga oid XIX asrga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, bilak taqinchoqlari XX asr boshlarida yaratilgani aniqlandi.


– Madaniy boyliklar tarixning bebaho durdonasi sanaladi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralov. – Afsuski, ayrim holatlarda ularni mamlakatimizdan noqonuniy olib chiqishga urinishlar uchrab turadi. Bu safar ham ziyrak bojxonachilarimiz ana shunday nodir boylikning chetga chiqib ketishining oldini oldi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi tegishli qaroriga muvofiq, yaratilganiga 50 yil va undan ortiq vaqt o‘tgan madaniy boyliklarni mamlakatimiz hududidan olib chiqish man etilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri