NNT va fuqarolik jamiyati institutlarining roli ortmoqda
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda milliy davlatchilik asoslarini yaratish bilan bir qatorda xalq manfaatlarini ifodalovchi ochiq fuqarolik jamiyati poydevorini qurishdek murakkab va tarixiy vazifa kun tartibiga qo‘yildi. Ushbu maqsadga erishishda ikki muhim institut – fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Bugungi kunga kelib ushbu tuzilmalarning rivojlanishi va o‘zaro munosabatlari mamlakat demokratik qiyofasini, islohotlar xalqchilligini belgilab beruvchi asosiy mezonga aylandi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda “Jamiyat – islohotlar bosh tashabbuskori” shiori ostida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi sa’y-harakatlar “uchinchi sektor”ga mansub tashkilotlarning o‘rni, roli va mavqeini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Endilikda ular shunchaki alohida faoliyat yurituvchi tuzilmalar emas, balki jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun bevosita daxldor muhim ijtimoiy sherik sifatida maydonga chiqmoqda.

Aytish joizki, o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda ochiq fuqarolik jamiyatining huquqiy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan 200 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular sohaning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi kabi hujjatlar fuqarolik jamiyati institutlari va OAVning jamiyatdagi roli va nufuzini oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyada fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi, birlashish erkinligi kabi tamoyillarning mustahkamlab qo‘yilishi NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi.
Keyingi yillarda jamoat tashkilotlarining son va sifat tarkibi ham birmuncha yaxshilanishiga erishildi.
Ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan NNTlar soni atigi 195 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning soni 10,4 mingdan oshgan. OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sub’ektlar soni 2,2 mingtani tashkil etib, ularning 65 foizdan ortig‘i nodavlat OAV ulushiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda Andijon viloyatidagi 600 dan ziyod NNTlar, 30 ga yaqin bosma va elektron OAV ijtimoiy hayotning turli sohalarida – aholining huquqiy savodxonligini oshirishdan tortib, ekologik muammolarni hal etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan keng yo‘nalishlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Shu o‘rinda internet-jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlarning jadal rivojlanishi axborot almashish tezkorligi, fikrlar xilma-xilligi va davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Binobarin, davlat rahbarining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan asosiy yo‘nalish va muhim vazifalar aniq belgilab berildi.
Qolaversa, NNTlarni davlat granti, subsidiya va ijtimoiy buyurtma shaklida qo‘llab-quvvatlash hajmining oshishi, ular faoliyati uchun hududlarda “NNT uylari” kabi infratuzilmaviy sharoitlarning yaratilishi hamda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari rolining kuchayishi davlat va jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, keyingi 2023-2024 yillarda Andijon viloyatidagi fuqarolik jamiyati institutlarining 11 ta muhim ijtimoiy ahamiyatli loyihasi Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan jami 1 milliard 185 million so‘mga moliyalashtirilgan.
Joriy yilda esa Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning Andijon viloyati bo‘linmasi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida viloyat bo‘yicha 10 ta loyiha g‘olib deb topilib, jami 1 milliard 243 million so‘m bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Keyingi yillarda viloyatda faoliyat yuritayotgan NNTlarning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ko‘lami ham birmuncha kengaydi. Chunonchi, o‘tgan yillar davomida viloyat bo‘yicha faqat bitta – “Mehrimiz Sizga” NNT xorijiy grant loyihasida ishtirok etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib 10 ta, jumladan, 3 ta o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan jamoat tashkiloti 15 ga yaqin xalqaro tashkilotning xorijiy grant mablag‘lari jalb etilishida qatnashgan.
Ushbu muhim ijtimoiy ahamiyatli loyihalar asosan qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga o‘qitish, yoshlar faolligini oshirish, odam savdosi va norasmiy tashqi mehnat migratsiyasining oldini olish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan.
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida jiddiy ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.
Endilikda ushbu institutlarning moliyaviy barqarorligi va mustaqilligini amalda to‘liq ta’minlashga o‘tish jarayonini yanada jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Adhamjon UZOQJONOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA