Niyati ulug‘ xalqmiz
Dunyoda eskirmaydigan narsa bormi? Bo‘lsa, uning nomi nima, degan savol har birimizni o‘ylashga undaydi. Bu – ilm, bu –ma’rifat.
Dunyoda eskirmaydigan narsa bormi? Bo‘lsa, uning nomi nima, degan savol har birimizni o‘ylashga undaydi. Bu – ilm, bu –ma’rifat.
Biz yangi davrga qadam qo‘ydik. Tarixdan ma’lumki, XX asr ibtidosida jadid bobolarimiz qanday bashoratlar qilib ketgandi. Ular jamiyatni isloh qilishning uchta tizimiga alohida diqqat qaratgan va, eng asosiysi, qaysi birini afzal bildi? Birinchisi – tarbiya, ikkinchisi – ta’lim, uchinchisi – ilmdir.
Haqiqatdan ham, Behbudiy bobomizning “Teatr nadur”, Cho‘lponning “Adabiyot nadur”, A.Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq”, Fitratning “Oila”, A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarlarida ilgari surilgan jaholatni yengish konsepsiyasi, milliy o‘zlikni anglashga da’vatkor ijtimoiy-siyosiy qarashlarini biz bugun, ertangi kunimizda ham suv va havodek zarurligini his qilib turibmiz. Axir, global dunyoda qadrlangan, e’zozlangan fazilatlarni asrab qolishlikning, uni muhofaza qilishlikning o‘zi ma’naviy jasorat ekanligini har birimiz hayotimizga dasturiamal qilib olishimiz muhim. Negaki, atrof-javonibda bo‘layotgan taloto‘plarning aksariyat qismi razolatning urchiganidan sodir bo‘lmoqda emasmi! Ilmsizlik bo‘lsa ham unga amal qilmaslikning mevasi emasmi? Savollar esa har birimizni ogohlikka chaqiradi. Dunyoning yagona modeli – borliq haqida qayg‘urgani uchun ajdodlarimizga tasannolar aytamiz. Ularning zehni, zakiyligi oldida bosh egamiz, e’zozlaymiz.
Hozir ta’lim tizimini isloh qilishning nazariy qismidan amaliy tadbiriga o‘tildi. Maktablar qayta tiklandi. Prezident, ijod maktablari ochildi. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion markazlar faoliyati tubdan modernizatsiya qilinib, haqiqiy ma’nodagi izlanish maydoniga aylantirildi. Bu Harakatlar strategiyasi va Milliy yuksalish sari konsepsiyalarida belgilab berildi. Va Prezidentimizning Murojaatnomasi “Yangi O‘zbekiston” degan ulug‘ niyat bilan odamlarimizni “tarixning yangi sahifasi”ni yaratishga ilhomlantirdi.
“Yangi O‘zbekiston”, “Yangi tarix”. Har ikkalasida ham bir ulug‘ niyat, niyatga yarasha qat’iyatni, qat’iyatga yarasha olijanoblikni, mardlikni, vatanparvarlikni kashf etdim. Uning tom ma’nodagi bir g‘ishtiga o‘n g‘isht qo‘yuvchi jo‘marddek sezdim o‘zimni.“Niyatning ulug‘i yaxshi” degan hikmatga munosib botinimda qandaydir kuch topdim. Bu – har bir tengdoshimning qalbida kechgan jarayon ekanligini payqadim. O‘zlikni shunga ishontirdim. Axir, yaratuvchanlik qon-qonimizga singib ketgan bo‘lsa, elimning bunyodkorligiga mas’ulligimni teran his qildim. Biz mudroq bosgan, hayotdan charchagan bo‘lmasligimiz kerak. Aynan ana shu boqimandalik kayfiyatidan voz kechsak, “har qanday sohani titratadigan sher misol” marraga yetajakmiz.
Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qaysi biri afzal?” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Ilm”, dedilar. U kishi ikkinchi, uchinchi bor so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga avvalgidek javob berdilar. Shunda u kishi: Ey, Rasululloh, sizga salomlar bo‘lsin, men amal haqida so‘rayapman”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Alloh amallarni ilmsiz qabul qiladimi?” dedilar. Yana rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Banda sadaqa qiladigan narsaning eng afzali ilm o‘rganmog‘i, so‘ng uni o‘zidan boshqalarga o‘rgatmog‘idir”, dedilar. Bunday o‘tkir ma’noli, sira o‘z mohiyatini yo‘qotmaydigan ilmu donishlik qaysi bir zamonda aytilgan?
Haqiqatdan ham, ilmiy, ma’rifiy jabhadagi olijanob ishlarimizga keng yo‘l ochib berilgani barchamizga muborak bo‘lsin. Bu birgina qirrasi, xolos. Uning o‘nlab borar manzili – bitta, Vatanimizni hech bir davlatdan kam bo‘lmagan tarzda taraqqiy toptirish bilan odamlarimizning iqtisodiy xotirjamligini oshirib, moddiy muammolarini bartaraf etishga qaratilgani eng muhim tomoni sanaladi.
Yangilanayotgan O‘zbekistonimizga Yaratganning nazari tushgani muborak bo‘lsin, aziz zamondosh!
Ilhombek DAVLATMURODOV,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika
instituti katta o‘qituvchisi