Niyati ulug‘ning yo‘li oydin
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.O‘zbekiston Fermerlari kengashidan ma’lum qilishlaricha, yurtimizda besh mingga yaqin fermer ayol faoliyat yuritmoqda. Ularning manfaatlarini muhofazalashning tegishli huquqiy asosi yaratilgan. Natijada fermer ayollar paxta, g‘alla yetishtirishda, umuman, qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Samaradorlikning oshib borishi ayollarimizni o‘z faoliyati ko‘lamini yanada kengaytirishga undamoqda. O‘z xo‘jaligida qayta ishlash, hunarmandlik, tikuvchilik sexlari ochgan hamda kasanachilikni yo‘lga qo‘ygan mulk sohibalari talaygina.
– Yurtimiz xotin-qizlari barcha jabhada o‘z faolligini namoyon etmoqda, – deydi Qiziltepa tumanidagi “Valiobod” fermer xo‘jaligi rahbari Ra’no Valiyeva. – Fermer xo‘jaligimiz 91 gektar maydonda dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Texnika va ishchi kuchimiz yetarli. To‘g‘risi, ilgari oddiy qishloq ayolining mulk egasi bo‘lib, bunday ishlarni amalga oshira olishini tasavvur ham qilib bo‘lmasdi.
Xo‘jalik cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, sharoit birmuncha og‘ir. Shu bois muntazam ravishda tuproqning unumdorligini oshirish talab qilinadi. Prezidentimizning 2007-yil 5-noyabrdagi “Hosildorligi past bo‘lgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori fermer xo‘jaliklarining bu boradagi sa’y-harakatlarini yanada kengaytirishda qo‘l kelayotir. Unga ko‘ra, unumdorligi past, meliorativ holati yomon xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan maqsadli mablag‘lar yo‘naltirish belgilangan.
Erga qancha mehr berilsa, hosildorligi shuncha ortadi. O‘rtacho‘l massivida joylashgan mazkur xo‘jalik 50 gektarda g‘alla, 30 gektardan ziyod maydonda paxta yetishtiradi. Yerlarning meliorativ holati ko‘p mehnat talab etgani bois yuqori hosil olishning o‘zi bo‘lmaydi. Shu sabab tuproqning holatini yaxshilash, sho‘rini yuvish hamda ekinlarni o‘z vaqtida mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirib, hosildorlikni oshirish doimiy e’tiborda.
Natijada paxta va g‘allachilikda o‘rtacha hosildorlik har yili 2-3 sentnerga ko‘payib, 45-65 sentnerni tashkil etmoqda. 2014-yilda g‘allaning “Nota” navidan 65 sentner, g‘o‘zaning “Buxoro-6” navidan 40 sentnerdan oshirib hosil olindi. Fermer xo‘jaligi tuman aholisini go‘sht bilan ta’minlashga ham faol hissa qo‘shib kelmoqda.
Fermer opa tuproqni zar, suvni gavhar deb biladi. Kezi kelganda kaftlari qavarib, ketmon chopadi. Ob-havo injiqlik qilganda har bir nihol atrofida girdikapalak bo‘ladi.
– Ertangi hosil bugungi tayyorgarlikka bog‘liq, – deydi Ra’no Valiyeva. – Xo‘jaligimizga qarashli zovur va ariqlarni tozalab qo‘ydik. Ekin maydonlarimizni sho‘rdan himoya qilish maqsadida sug‘orishdan tortib, begona o‘tlardan tozalashgacha bo‘lgan tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmoqdamiz. Xalqimiz uchun yerdan bebaho ne’mat yo‘q. Uning kaliti yer egasining qo‘lida. Chinakam dehqon shunday ishlashi kerakki, bundan davlat ham, jamiyat ham, yer sohibi ham manfaatdor bo‘lsin. Niyatimiz joriy yilda paxta va g‘alladan mo‘l hosil olib, ham oilamizga, ham davlatimizga yuqori daromad keltirish.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yetakchi kuchga aylangan fermerlar nafaqat paxta va g‘alla yetishtirishning jonkuyari, balki kam ta’minlangan oilalarga mehr-muruvvat ko‘rsatayotgan, obodonchilik ishlarida faol qatnashayotgan saxovatpesha insonlar sifatida ham el-yurt duosini olmoqda.
Ra’no Valiyeva rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi tuman kasalxonasini ta’mirlashga ko‘maklashdi. Ko‘p bolali oilalarga qoramollar tarqatildi, kam ta’minlangan oilalarga kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilayotir.
Oilaga ham, jamiyatga ham fayz kiritadigan, xonadonlarni mehr-muhabbat, ezgulik nuri bilan munavvar etadigan xotin-qizlarning bunday ishlari yurtimiz ravnaqini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.