Navro‘z – uzoq tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan qadriyat
Navro‘z – insoniyat tarixidagi eng qadimiy va ma’naviy jihatdan boy bayramlardan bo‘lib, u borliqning yangilanishi, inson ruhiyatining poklanishi, jamiyatdagi hamjihatlik va yosharish ramzi sifatida asrlar davomida nishonlanib kelinmoqda. Bu bayram faqat mavsumiy o‘zgarishni emas, balki inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikda hayotning yangi bosqichga o‘tishini ham anglatadi.
Navro‘z nafaqat milliy an’ana, balki umuminsoniy madaniy meros sifatida ham e’tirof etilgan. Xususan, 2009 yilda UNESCO tomonidan Navro‘z insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2010 yilda esa BMT bosh Assambleyasi 21 mart sanasini “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qildi.
Uch ming yildan ortiq vaqt davomida jahondagi millionlab kishilar, xususan G‘arbiy, Markaziy va Janubiy Osiyodan to Kavkaz, Bolqon va boshqa hududlardagi turli madaniyat, din va tilga ega bo‘lgan xalqlar bahor faslini Navro‘zni nishonlash orqali, yuqori kayfiyatda kutib oladilar. Insoniylik, mehr-muruvvat, ezgu niyatlar hamda tabiatga, ona zaminga, Vatanga muhabbat barchani Navro‘z qadriyati atrofida birlashtiradi.
Bugungi kunda mazkur bayramni dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq inson muntazam nishonlaydi.
O‘zbekistonda Navro‘z milliy tiklanish, madaniy merosni asrash va jamiyatdagi ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Mamlakatda har bir inson bayram shukuhini his qiladi, har yili bayramni ko‘tarinki ruhda, xalqni birlashtiradigan g‘oya asosida o‘tkazish an’anaga aylangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 6 martdagi Qarori bilan 2026 yilda Navro‘z umumxalq bayramini “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturiga asosan O‘zbekiston bo‘ylab munosib tarzda nishonlanmoqda.
21 mart kuni Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida nishonlangan Respublika tantanali bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakat aholisini bayram bilan qutladi.
Navro‘zning tarixiy ildizlari, falsafiy mazmuni, milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rni, hashar an’analari bilan bog‘liq jihatlari hamda zamonaviy jamiyatdagi ahamiyati haqida ko‘plab manbalarda yoritilgan.
O‘zbekistonda Navro‘z milliy tiklanish va ma’naviy yuksalish tushunchalari bilan uzviy bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Milliy an’ana va qadriyatlarimiz – jamiyatimiz ma’naviy taraqqiyotining mustahkam poydevoridir” degan fikrlari Navro‘z bayramining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada aniq namoyon etadi. Chunki mazkur bayram milliy madaniyat, urf-odat va qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Navro‘z ma’naviy jihatdan keng mazmunga ega, u inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ifodalash qatorida, quyidagi g‘oyalarni o‘zida mujassam etadi:
- yangilanish, yosharish va poklanish;
- rizq-ro‘z va shukronalik;
- mehnat, halollik va baraka;
- hamjihatlik, mehr-oqibat va birdamlik;
- kechirimlilik va bag‘rikenglik;
Navro‘z arafasida obodonlashtirish, hasharlar tashkil etish, araz-adovatlarni bartaraf etish, qarzlarni uzish kabi an’analar inson ma’naviy poklanishga intilishini anglatadi. Bu jarayon jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Falsafiy nuqtai nazardan qaraganda, Navro‘z vaqtning davriy harakati, tabiat va inson hayotining uzviy bog‘liqligini ifodalaydi. Tabiatdagi uyg‘onish inson qalbida ham yangi umid, ishonch, g‘ayrat va ijodkorlik ruhini kuchaytiradi.
O‘zbekistonda Navro‘z milliy an’analar va marosimlar bilan bog‘liqligini e’tirof etish lozim. Mamlakatda Navro‘z azaldan xalq sayillari, milliy o‘yinlar va jamoaviy tadbirlar bilan keng nishonlangan.
Bayram dasturxonining bezagi hisoblangan sumalak, halim, ko‘k somsa va boshqa bahorga xos taomlarni tayyorlash, ayniqsa, Navro‘z bayramida an’ana tusiga kirgan. Bu borada, sumalak tayyorlash jarayoni jamoaviy mehnat va hamjihatlik ramzi hisoblanadi. Qozon atrofida yig‘ilish, ezgu niyatlar qilish qarashlar tushunchalar mushtarakligini, o‘zaro yordam va birdamlik ruhini namoyon etadi.
Navro‘z sayillarida ko‘pkari, kurash va boshqa milliy o‘yinlar alohida o‘rin tutadi. Bu tadbirlar nafaqat madaniy merosni saqlashga, balki jamiyatda ijtimoiy birlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, Navro‘z bayrami arafasida o‘tkaziladigan umumxalq hasharlari alohida ahamiyatga ega. Hashar ko‘ngilli mehnat an’anasi sifatida jamiyatda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlaydi, ozodalikka intilishni ifodalaydi.
Umumxalq hasharlarida millionlab fuqarolar ishtirok etadi. Xususan, 2026 yil 13-14-mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida o‘tkazilgan hasharda aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar atrofi, bog‘ va sayilgohlar, ziyoratgohlar obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bu jarayon nafaqat obodlik va ozodalik, balki aholi o‘rtasida hamjihatlik va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda hashar an’anasi Navro‘zning ijtimoiy mazmunini yanada boyitadi.
Bugungi globallashuv sharoitida milliy an’analarni saqlash va rivojlantirish dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Navro‘z ana shunday qadriyatlardan biri bo‘lib, u milliy o‘zlikni anglashda muhim omil hisoblanadi. Hozirgi kunda Navro‘z Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Kavkaz hududlaridagi ko‘plab davlatlarda davlat darajasida o‘tkaziladi.
Navro‘z turli millat va din vakillarini birlashtiruvchi madaniy ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu jihatdan u xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirish hamda turizm masalalarida ham muhim rol o‘ynaydi.
Hozirgi sharoitda Navro‘z ekologik madaniyatni shakllantirish nuqtai nazaridan ham dolzarbdir. Tabiatni asrash, yashil hududlarni kengaytirish va atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kabi g‘oyalar bu bayram mazmunida muhim o‘rin tutadi.
Buni Davlat rahbari Sh.Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqlarida aytilgan “Xudo bizga ato etgan yer-suvimizni, barcha imkoniyatlarimizni qadrlab, ulardan oqilona foydalansak, bir boyligimizga, albatta, o‘n boylik qo‘shiladi. Shu bois, azaliy an’analarimizni davom ettirib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada go‘zal va farovon etaylik!” degan fikrlarida ham anglash mumkin.
Ushbu yo‘nalishda, ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Bu yilgi Navro‘z bayrami arafasida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, ko‘cha va maydonlar, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini o‘tkazish, “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyalarini, umumxalq hasharlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu ishlar insonning tabiatga nisbatan mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Navro‘zning tabiat bilan bog‘liq ramziy mazmuni — yashillik, hayot va yangilanish g‘oyalari ekologik tarbiya uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Navro‘z haqida so‘z yuritganda uning tarbiyaviy va ijtimoiy ahamiyati, xususan, yosh avlod tarbiyasida muhim o‘rniga e’tibor qaratish kerak. Ayniqsa, milliy o‘zlikni shakllantirish, kattaga hurmat, kichikka izzat ruhini namoyon etish, jamoaviylik va hamkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, mehnatsevarlik va saxovat tuyg‘ularini mustahkamlashdagi ahamiyati yuqori hisoblanadi.
Navro‘z haqida fikr bildirganda, uning jamiyatda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirishdagi ahamiyatini bevosita e’tiborga olish lozim.
O‘zbekistonda Navro‘z munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga xayriya tadbirlari o‘tkazish, nuroniylar, faxriylar va bemorlar holidan xabar olish, ijtimoiy muassasalarda keng ko‘lamli madaniy tadbirlar tashkil etish an’analari jamiyatda mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlaydi.
Umuman olganda, Navro‘z – inson va tabiat uyg‘unligini, ma’naviy yangilanish va ijtimoiy birdamlik g‘oyalarini mujassam etgan betakror qadriyatdir. Uning uzoq tarixi va boy madaniy mazmuni bu bayramni nafaqat milliy, balki umuminsoniy qadriyat sifatida namoyon etadi.
Navro‘z milliy an’analarni asrash, jamiyatda hamjihatlik va oqibatni mustahkamlash, o‘sib kelayotgan avlodni ma’naviy barkamollik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda, Navro‘zning boy ma’naviy merosini, uning mohiyatini keng targ‘ib etish va avlodlarga yetkazish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Olimjon Zaripov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti