Navoiyda 1,3 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq holat aniqlandi.
Tekshiruv materiallariga ko‘ra, “Navoiysuvqurilishinvest” davlat muassasasi, Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya hamda “N.S.” va “B.Z.” MCHJlarining mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, shartnomalar asosida amalga oshirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq hujjatlarga qo‘shib yozishlar kiritgan.
Natijada “DIVER” qurilmalari uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hujjatlardagi qo‘shib yozishlar orqali 1,3 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri