Navoiy xalqaro aeroporti yirik markazlardan biriga aylanmoqda
Navoiy xalqaro aeroporti va “Harvest Epoch Strategik Investment Limited” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan strategik alyans to‘g‘risidagi doiraviy bitimni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Unda tomonlar texnik-iqtisodiy asoslarni takomillashtirish, tijoriy shartlar va tariflarni ishlab chiqish, aeroport infratuzilmasi hamda xizmatlarini xalqaro talablarga muvofiq tayyorlash bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.
2026-yil dekabr oyida dastlabki sinov yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, yer usti xizmatlari, yoqilg‘i quyish, ombor majmualari va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining tayyorligi ta’minlanadi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi tizimlarini ICAOning 9-toifali talablariga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
“Harvest Epoch Strategik Investment Limited” kompaniyasi esa aviakompaniyalar, elektron tijorat va logistika kompaniyalarini jalb etish orqali yuk oqimini oshirishga ko‘maklashadi.
Hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri 2030-yilga qadar Navoiy xalqaro aeroporti orqali yiliga 45 ming tonna yuk tashish hajmiga erishish belgilangan.
Ushbu hamkorlik Navoiy xalqaro aeroportining geografik joylashuvi va mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi logistika aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri